Qozog‘iston Yevropa mamlakatlari uchun energetika sohasidagi hamkorlikda Rossiyaga muqobil variant bo‘lishi mumkin. Finlyandiya prezidenti Aleksander Stubb bu haqda Kazinform davlat axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Yevropa asta-sekin Rossiya energiya ta’minotidan — suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) va neftdan — uzoqlashayotgan va bu yerda yetkazib berish 80% dan kamaygan bir paytda muqobil energiya manbalariga ehtiyoj tug‘iladi. Bu borada Qozog‘iston muhim rol o‘ynaydi», — dedi Stubb, Yevropa Ittifoqi respublikaning eng yirik savdo sherigi ekanini eslatib o‘tarkan.
Stubb shuningdek, Xelsinki uchun Prezident Qosim-Jomart To‘qayevdan Qozog‘iston bilan ulkan chegaraga ega Rossiya va Xitoyga oid «vaziyatni tahlil qiluvchi va baholovchi tahlillarni olish juda qadrli ekanini» ta’kidladi.
«Finlyandiya va Qozog‘iston kabi o‘rta va kichik davlatlarning qadriyatlari va manfaatlari bor, ammo ularning kuchi cheklangan. Odatda, bu yirik o‘yinchilarning vakolati, shuning uchun biz ikkinchi darajali rol o‘ynashimiz mumkin.
Biz vositachilar sifatida ishtirok etishimiz, muhokama qilishimiz va xabarlarni yetkazishimiz mumkin. Masalan, Prezident To‘qayev kelasi hafta Oq uyga, undan so‘ng darhol Kremlga tashrif buyuradi. Bu prezident Tramp va prezident Putindan tegishli ma’lumotlarni olish va uni boshqa tomonlarga yetkazish uchun ajoyib imkoniyatdir. Men haqiqatan Finlyandiya ham, Qozog‘iston ham muhim rol o‘ynashiga chin dildan ishonaman», — deya xulosa qildi Stubb.
Finlyandiya prezidenti To‘qayevning taklifiga binoan 28-29 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Ostonada bo‘ldi. Muzokaralar davomida ikki rahbar mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik, xususan, yadro energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha 15 ta hujjatni imzoladilar.


