Qozog‘istonning g‘arbiy qismida joylashgan Janao‘zen shahridagi «MunaySpetsSnab Kompani» MCHJ xizmat ko‘rsatish kompaniyasi xodimlari ish tashlashdi, deb xabar beradi Inbusiness.kz nashri. Aksiya ishtirokchilari «mehnat huquqlarining buzilayotgani va ijtimoiy adolatsizlikdan xavotir bildirayotgani»ga oid videomurojaatini tarqatishdi.
«Talablarimiz bajarilmagani sababli, 2025 yil 28 oktyab kechasidan faoliyatimizni to‘xtatdik», — deydi ish tashlovchilardan biri.
Ishchilar aynan qaysi talablari qoniqtirilmaganiga aniqlik kiritishmagan. Ular o‘z murojaatlarini Qozog‘iston, mintaqa rahbariyati va «KazMunayGaz» milliy kompaniyasiga yo‘llashgan. Hozircha bu masala bo‘yicha rasmiy izohlar berilmagan.
«MunaySpetsSnab Kompani» MCHJ neft kompaniyalariga yuk tashish xizmatlarini ko‘rsatadi.
Shunga o‘xshash aksiyalar iqtisodiyoti neft va gaz sanoatiga asoslangan Qozog‘istonning g‘arbiy hududlarida keng tarqalgan. 2023 yil oxiri va 2024 yil boshida Mang‘iztovni neft korxonalari ishchilarining norozik aksiyalari qamrab olgandi. Xususan, West Oil Software xodimlari bir necha oy davomida «KazMunayGaz»ga qo‘shilishni, yagona ish haqi tizimiga bo‘ysunishni va uskunalari va inshootlarini yangilashni talab qilib, ish tashlashgandi.
2024 yil yanvar oyi o‘rtalarida «Buyuk devor» burg‘ulash kompaniyasi (Aktau) ishchilari prezident Qosim-Jomart To‘qayevga kompaniyani keng qamrovli audit qilishni talab qilib murojaat qilishgandi va shuningdek, ish o‘rinlari qisqartirilishiga qarshi norozilik bildirishgandi.
O‘sha oyning oxirida Janao‘zenda «Kezbi» MCHJ kompaniyasining taxminan 800 xodimi ish haqining 50 foizga oshirilishini, uskunalarni yangilashni va kompaniyadagi og‘ir vaziyat uchun mas’ul bo‘lgan bir nechta shaxslarni ishdan bo‘shatishni talab qilib ish tashlagandi.
Shu yil bahorda Tengiz konida ishlayotgan «Kәsіbi taңdau» kompaniyasi ishchilari ish tashlagandi.


