Qozog‘iston va Ozarbayjon yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini ikki barobarga oshirib, 1 milliard dollarga yetkazadi. Bu haqda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi chog‘ida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Oqo‘rda.
Muzokaralar yakunlarini sharhlar ekan, To‘qayev Aliyevning tashrifiga «alohida ahamiyat» berishini aytdi. «Mamlakatlarimiz ildizlari mushtarak, tarix mushtarak. Ozarbayjon Qozog‘iston uchun muhim va ishonchli strategik sherikdir. Bugungi kunda munosabatlarimiz izchil rivojlanib bormoqda. Biz aloqalarimizni kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Asosiy maqsad do‘stligimizni mustahkamlash, turli sohalardagi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlashdir. Bu ikki xalq manfaatlariga javob beradi», — dedi u.
«Xalqlarimizni ma’naviy-madaniy mushtaraklikka asoslangan ko‘p asrlik do‘stlik va qardoshlik rishtalari bog‘lab turadi, — dedi Aliyev. — Biz ushbu mustahkam poydevor ustiga davlatlararo munosabatlarimizni quryapmiz. So‘nggi uch yilda o‘ndan ortiq o‘zaro tashriflar dinamikasini kuzatadigan bo‘lsak, munosabatlarimiz naqadar jadal ekanini yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Har bir uchrashuv, har bir muhokama yakuniy natijaga erishishga qaratilgan».
Uchrashuvda prezidentlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. To‘qayev savdo aylanmasini ikki baravar oshirishga rozi bo‘lishdan tashqari, qo‘shma korxonalar tashkil etishdan ikki tomon manfaatdor ekanini ta’kidladi.
«B u masalada sezilarli yutuqlarga erishildi. Masalan, qo‘shma transformator ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan, turar-joy va infratuzilma obyektlari qurilishi davom etmoqda, qo‘shma kema qurish loyihalari ishlab chiqilmoqda. Hukumatlarga ushbu yo‘nalishlarni nazorat qilish, tezkorlik bilan reja yoki, hozirgi kunda aytilayotgandek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha Yo‘l xaritasini qabul qilish topshirilgan», — dedi Qozog‘iston rahbari.
Yana bir muhokama mavzusi Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish bo‘ldi. U Xitoy-Qozog‘iston chegarasidan Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya orqali Yevropa davlatlariga o‘tadi. Transport temir yo‘l va dengiz transportini (Kaspiy dengizi orqali) o‘z ichiga oladi. O‘tgan yili mazkur yo‘nalish bo‘yicha yuk tashish hajmi 62 foizga oshib, 4,5 million tonnani tashkil etdi.
«Biz xorijlik hamkorlarimiz bilan bir vaqtning o‘zida to‘siqlarni bartaraf etish va yo‘lak bo‘ylab yagona uzoq muddatli tarifni o‘rnatish ustida ishlamoqdamiz. Bu, shubhasiz, samaradorlikni oshiradi, butun yo‘nalish bo‘ylab uzluksiz yetkazib berishni ta’minlaydi va rejalashtirganimizdek, yuk tashish hajmini 10 million tonnagacha oshirish imkonini beradi», — dedi To‘qayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar yuk eksporti uchun yangi Transkaspiy parom tizimini yaratish imkoniyatlarini ham muhokama qilgan.
To‘qayev energetika sohasidagi hamkorlik haqida gapirarkan, Qozog‘iston neftini Boku-Tbilisi-Jayhon yo‘nalishi bo‘yicha tashishga oid hamkorlikdagi ishlarni mamnuniyat bilan qayd etdi, deyiladi Oqo‘rda xabarida. O‘tgan yili ushbu xomashyoning Ozarbayjon orqali tranziti qariyb 1,5 million tonnani tashkil etgan. Prezident yaqin kelajakda bu hajmni sezilarli darajada oshirish rejalari borligini aytdi.
O‘z navbatida, Ilhom Aliyev To‘qayev bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida Ozarbayjon Armanistonga yuk tranzitiga qo‘yilgan barcha cheklovlarni olib tashlagani va bunday tranzit yuklarning birinchisi Qozog‘iston doni bo‘lganini eslatib o‘tdi. Birinchi yuk Armanistonga tez orada Aqtau-Boku temir yo‘li orqali, keyin esa Ozarbayjon-Gruziya temir yo‘li orqali yetib kelishi kutilmoqda.


