Qozog‘iston Energetika vazirligi Orenburg GQZga uyushtirilgan hujum ortidan gaz ta’minotidagi uzilishlarga oid mish-mishlarni rad etdi

Qozog‘iston Energetika vazirligi binosi. t.me/Minenergokz fotosurati

Orenburg gazni qayta ishlash zavodining (GQZ) dron hujumidan so‘ng yopilgani Qozog‘istonga gaz yetkazib berishga ta’sir qilmadi, deb xabar berdi respublika Energetika vazirligi.

Vazirlik shu tariqa bir qancha ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Ostona va boshqa viloyatlarda gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Viloyatlar va poytaxtga gaz ta’minoti «odatdagidek, to‘liq hajmda va hech qanday cheklovlarsiz ta’minlanmoqda», deb ishontirdi vazirlik.

Bayonotda ta’kidlanishicha, ta’minot barqarorligi zaxira mexanizmlari orqali kafolatlanadi. Amaldagi shartnomalar bo‘yicha barcha yetishmayotgan hajmlar tezkorlik bilan to‘ldirilmoqda, shu bois iste’molchilar, jumladan, poytaxt issiqlik elektr stansiyalari uchun gaz taqchilligi yo‘q va bunday bo‘lishi kutilmayapti.

Orenburg GQZi yaqin orada qozoq gazini olishni qaytadan boshlashi kutilmoqda. Joriy cheklovlar tufayli Qorachig‘anoq konining operatori (xomashyo olinadigan joy) nazorat ostida ishlab chiqarishni qisqartirdi.

«Ushbu chora Qozog‘istonning ichki bozoriga gaz yetkazib berish bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishiga ta’sir qilmaydi. Rejalashtirilgan ishlab chiqarish darajasiga qaytish GQZ normal faoliyatini qayta boshlaganidan so‘ng darhol boshlanad»», — deya qo‘shimcha qiladi vazirlik.

Reuters xabariga ko‘ra, Qozog‘iston Orenburg GQZiga gaz yetkazib berish to‘xtatilgandan so‘ng Qorachig‘anoqdagi neft va gaz kondensati qazib olishni 25-30 foizga qisqartirishga majbur bo‘lgan.

Orenburg GQZ — Rossiyadagi eng yirik tabiiy gazni qayta ishlash zavodidir. 19 oktyabr kuni ertalab dron hujumi haqida xabar berilgan. Orenburg viloyati gubernatori Yevgeniy Solnsevning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida «sexlardan birida yong‘in chiqqan».

Qorachig‘anoq — G‘arbiy Qozog‘istondagi neft va gaz kondensat koni. U yerda ishlab chiqarilgan gazning bir qismi rezervuarga qayta quyiladi, qolgan qismi esa Rossiyaga, Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga yuboriladi, chunki konning o‘zida gazni qayta ishlash quvvati yo‘q.

Amaldagi kelishuvlarga ko‘ra, Qorachig‘anoq 2038 yilgacha Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga yiliga 9 milliard kub metrgacha gaz yetkazib berishi mumkin.