«Gazprom» va Qozog‘iston Rossiyadan respublikaga yangi magistral gaz quvurini qurish bo‘yicha memorandumni imzoladi. Bu haqda Rossiya energetika kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat XIV Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumida «Gazprom» boshqarmasi raisi Aleksey Miller va Qozog‘iston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar o‘rtasidagi ishchi uchrashuvda imzolandi. «Tomonlar Qozog‘istonning tabiiy gazga o‘sib borayotgan talabini inobatga olgan holda uzoq muddatli hamkorlikka sodiqligini qayd etdi», — deyiladi xabarda.
«Yangi hujjat hozircha qonuniy kuchga ega bo‘lmagan memorandum. Uni kelishuvga aylantirish uchun asosiy mezon — Qozog‘iston tomonining RFdan sotib olmoqchi bo‘lgan gazning narxi va shimoli-sharqiy mintaqaning bunday hajmlarda gaz sotib olish uchun to‘lovga qodirdirligi masalasi turibdi», — deb yozadi jurnalist Oleg Chervinskiy o‘zining Telegram-kanalida.
Shu yilning fevral oyida Rossiya hukumati saytida Qozog‘istonning shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlarini yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun magistral gaz quvurini qurish bo‘yicha buyruq e’lon qilingan edi. Unda quvur quvvati 10 milliard kub metr, kompressor stansiyalari esa 50 MVt quvvatga ega bo‘lishi aytilgan.
Qozog‘istonga gaz G‘arbiy Sibirdagi konlardan yetkazib berilishi kutilmoqda.
Dastlabki variantlardan biriga ko‘ra, quvur Rossiyadan Qozog‘iston shimoli-sharqidan o‘tib, Xitoygacha cho‘ziladi. Qozog‘iston rasmiylariga ko‘ra, ushbu loyiha bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda. Biroq, ekspertlar «Gazprom» va Xitoyning CNPC kompaniyasi o‘rtasida «Sila Sibiri-2» qurilishi va Mo‘g‘uliston orqali tranzit gaz quvuri yotqizilishi bo‘yicha qonuniy kuchga ega bo‘lgan memorandum imzolaganidan so‘ng, mazkur loyihaning amalga oshirilishini shubha ostiga oldilar.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

