Qozog‘iston Majilisi (parlamenti quyi palatasi) deputati Murat Abenov davlat televideniyesida kelin o‘g‘irlash targ‘ib qilayotganini ma’lum qildi, deb yozadi Kursiv.kz.
««Xabar»dagi ko‘rsatuvda «Menga turmushga chiqishga rozi bo‘lmasang, seni o‘g‘irlab ketaman» degan so‘zlar efirga uzatildi. Lekin bu ayollar huquqlariga qarshi ochiq tashviqot. Men bundan g‘azabdaman! Biz davlat televideniyesida bunday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yolmaymiz», — dedi parlament deputati brifingda.
U kelin o‘g‘irlash uchun jinoiy javobgarlik borligini eslatib o‘tdi va jurnalistlardan «bunday qilish mumkin emasligini jamiyatga tushuntirish uchun birgalikda ishlashni» so‘radi.
«Qizlarni o‘z roziligisiz o‘g‘irlayotganlar inson huquqlarini poymol qiladilar. Voyaga yetmagan qizlarning sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilayotganlar shuni tushunishi kerakki, biz qizlarimizni barcha vositalar bilan himoya qilamiz. Nafaqat bevosita aybdorlar, balki bunga yordam berganlar, ularni ushlab turuvchilar va ostonada yotvolib, «ustimdan o‘tib ket» deganlar ham javobgarlikka tortiladi. Ularning barchasi javobgarlikka tortiladi, biz qamoqxonalarni to‘ldirish niyatida emasmiz, maqsadimiz -bunday jinoyatlar kamaysin», — dedi Abenov.
Deputatning qo‘shimcha qilishicha, birgina Turkiston viloyatida o‘tgan yili 13 ta kelin o‘g‘irlash hodisasi qayd etilgan, bu uning fikricha, «juda yuqori ko‘rsatgichdir».
Qozog‘istonda bu kabi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik o‘tgan yilning yozida joriy qilingan. Nikohga majburlash holati endilikda jinoyatning og‘irligiga qarab jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash va 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ilgari respublikada bunday ishlar bo‘yicha ayblanuvchilar odatda odam o‘g‘irlash to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha sudlangan. Ammo bu qonunda o‘g‘irlangan ayolni o‘z ixtiyori bilan ozod qilgan shaxs, agar uning qilmishida boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmasa, javobgarlikka tortilmaydi, degan band bor.
O‘tgan yili davlatga qarashli «Xabar» telekanali «Bіraq» tok-shousi sabab janjal o‘rtasida qolgandi, unda ishtirokchi ayolga zo‘ravonlik qilgan eri bilan yarashish taklif qilingandi. O‘shanda «Xabar» agentligi boshqaruv raisi Kemelbek Oyshibayev jabrlanuvchidan uzr so‘ragandi. O‘z navbatida Madaniyat vazirligi rahbari Aida Balayeva davlat siyosatini tushuntiruvchi milliy telekanal bunday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini, «Bіraq» tok-shousi yopilishini aytgandi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

