Qozog‘istonning Olmaota viloyatida birdaniga ikkita AES qurilishi rejalashtirilmoqda

freepik.com sayti fotosurati

Atom sanoatini rivojlantirish bo‘yicha davlat komissiyasi Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish uchun ikkinchi istiqbolli maydonni aniqladi. Atom energiyasi agentligi rahbari Almasadam Satqaliyev parlamentning quyi palatasi majlisi chog‘ida ma’lum qilishicha, bu maydon Olmaota viloyatining Jambil tumanida joylashgan, deb yozadi Vlast.kz.

Mulozimning ta’kidlashicha, ikkinchi zavod ham «mamlakat janubida bo‘ladi», chunki janubiy Qozog‘iston energiya tanqisligidan aziyat chekmoqda.

«Hozirda elektr energiyasi «Shimol-Janub» tranzit tizimi orqali uzatilmoqda. Bu (ikkinchi AES qurilishi – tahr.izohi) energiya ta’minoti barqarorligi va ishonchliligini ta’minlaydi», — deb hisoblaydi agentlik rahbari.

Satqaliyevning qo‘shimcha qilishicha, hozirda barcha ishtirokchilar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Xitoyning CNC kompaniyasi foydasiga yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q, biroq Qozog‘iston uni «birinchi AES qurilishi doirasida bildirilgan takliflari asosida AES qurilishi bo‘yicha ustuvor pudratchi sifatida ko‘radi».

Eslatib o‘tamiz, «Rosatom» Olmaota viloyatining Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘ida respublikadagi birinchi atom elektr stansiyasini qurishni rejalashtirgan. Mutaxassislar avvalroq ikkinchi zavod uchun ehtimoliy joy sifatida Sharqiy Qozog‘iston viloyatining Kurchatov shahrini tilga olishgan edi.

Shu bilan birga, prezident Qosim-Jomart To‘qayev o‘tgan yil bahorida «kelgusi o‘n yilliklar uchun rivojlanish poydevori bo‘ladigan yangi energetika sektorini yaratish» uchun respublikada uchta atom elektr stansiyasini qurish zarurligini e’lon qilgandi. Bugun Almasadam Satqaliyev hukumat G‘arbiy Qozog‘iston va Kaspiy dengizi sohillarini kichik va o‘rta reaktorlarli atom elektr stansiyasi uchun potensial joy sifatida ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.