Oqo‘rda Murat Nurtleuning Tashqi ishlar vaziri lavozimidan ketganiga izoh berdi

Murat Nurtleu. mfa.gov.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston prezidenti yordamchisi Ruslan Jeldibay sobiq Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleuning Qosim-Jomart To‘qayev administratsiyatiga o‘tkazilishi sabablarini aytib, «OAVdagi so‘nggi kadrlar o‘zgarishlari bo‘yicha so‘rovlariga javoban» tushuntirish berdi.

«Davlat rahbari o‘zining so‘nggi Murojaatnomasida milliy iqtisodiyotga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi», — deb yozadi Jeldibay. —Ushbu muhim soha mas’uliyati tajribali diplomat Murat Nurtleu zimmasiga yuklangan. Prezident yordamchisi sifatida u xalqaro sarmoyaviy va savdo hamkorligini rivojlantirishni jadallashtirish maqsadida xorijiy davlatlar vakillari, shuningdek, yirik xorijiy kompaniyalar rahbarlari bilan yuqori darajadagi aloqalarni rivojlantiradi».

Prezident yordamchisi, shuningdek, Jaslan Madiyevning Bosh vazir o‘rinbosari, Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri lavozimiga tayinlanganini ham eslatib o‘tdi. Madiyevga o‘z murojaatida ta’kidlanganidek, Qozog‘istonni raqamli davlatga aylantirish maqsadini amalga oshirish vazifasi yuklanadi. «Prezident unga strategik ahamiyatga ega bo‘lgan galdagi muhim ishlarni tushuntirib berdi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Bosh vazir bilan kelishilgan holda, parlament quyi palatasi deputati Juldiz Sulaymenovani Ta’lim vaziri etib tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. U o‘zining faol jamoatchilik faolligi va ta’lim sohasidagi katta tajribasi bilan mashhur, dedi prezident yordamchisi.

Jeldibay hukumatdagi barcha so‘nggi o‘zgarishlarni hukumat faoliyatining eng muhim sohalarida samaradorlikni oshirishga qaratilgan «odatdagi kadrlar almashinuvi» deb ta’rifladi.

Prezident To‘qayevning eng yaqin safdoshlaridan biri bo‘lgan Murat Nurtleu Tashqi ishlar vaziri lavozimidan iste’foga chiqqani o‘tgan juma, 26 sentyabr kuni e’lon qilingan edi. Yermek Kosherbayev vazirlikning yangi rahbari etib tayinlandi.

Iste’fodan bir oz avval Qozog‘istonning Orda.kz nashri Murat Nurtleu va tadbirkor, Qozog‘iston og‘ir atletika federatsiyasi rahbari Gaji Gadjiyev hibsga olingani haqida xabar tarqatgan edi. Huquq-tartibot organlaridagi manbalar amaldor va tadbirkorning uylarida tintuv o‘tkazilganini iddao qilishgan. Rasmiylar nashrni feyk xabarlar tarqatishda ayblab, bu ma’lumotni rad etdi.