Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Qozog‘istonda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda Ukraina rahbari Fox News telekanali efirida so‘z yuritdi.
«Hammamiz, barcha jamoalarimiz Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar hamda Avstriya va Shveysariya kabi neytral Yevropada uchrashuv o‘tkazishni taklif qildik. <...> Agar xohlasangiz, masalan, Qozog‘istonda», — dedi Zelenskiy.
Teleboshlovchining aniqlovchi savoliga javoban u Rossiya rahbari bilan uchrashishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Shu bilan birga, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun RBK radiosiga bergan intervyusida ikki davlat rahbarlarining tayyorgarliksiz uchrashuvi «aniqrog‘i piar-aksiya» ekani va u muvaffaqiyatsizlikka uchrashini aytdi.
«Putin [Zelenskiy bilan] uchrashishga tayyor ekanini aytdi. Biroq, Putin tomonlar «uy vazifasi»ni bajarib bo‘lgach, ekspertlar darajasida tayyorgarlik ko‘rilganidan so‘ng uchrashish mantiqan to‘g‘ri bo‘lishiga aniqlik kiritdi», — dedi Peskov.
Vladimir Putin avvalroq Moskva Ukraina tomoni bilan uchrashuv o‘tkazish uchun eng yaxshi joy ekanini aytgan edi. Shuningdek, u Ukrainada uzoq muddatli tinchlik bo‘yicha kelishuvlarga erishilsa, Rossiya ular bajarilishini kafolatlashini ta’kidladi. O‘shanda Zelenskiy Rossiya prezidenti taklifini rad etdi va bunga javoban uni Kiyevga taklif qildi.
Ikki davlat rahbarlari uchrashuvini Qozog‘istonda o‘tkazish g‘oyasi so‘nggi bir necha yil ichida vaqti-vaqti bilan ko‘tarilib kelinmoqda. Bu haqda sobiq Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tileuberdi va boshqalar gapirgan. Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev ham shunday uchrashuv tashkil etishni taklif qilgandi. Yaqinda mazkur mavzuni Majilis (Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi) deputati, parlamentning xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Aydos Sarim yana bir bor ko‘tardi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

