Qozog‘istonda go‘sht narxini nazorat qiluvchi monitoring guruhlari tuzildi

www.gov.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston Savdo vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda go‘sht bozorida savdo ustamasiga rioya etilishini nazorat qiluvchi monitoring guruhlarini tuzmoqda, deb xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Savdo vazirligi hukumat tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarga 15 foizlik tovar ustamasi belgilanganini qayd etdi. Narxlarni oshirgan do‘konlar va savdo tarmoqlari jarimaga tortiladi. «Bugungi kunga qadar ijtimoiy ahamiyatga molik mol go‘shtiga ruxsat etilgan ustama me’yoridan oshib ketganligi bo‘yicha 45 ta buyruq chiqarilgan bo‘lib, ulardan 33 tasi jarima hisoblanadi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Qozog‘istonda mol go‘shti narxi sezilarli darajada oshgani haqidagi xabarlar o‘tgan bahorda boshlangan; iyul oyining oxiriga kelib, bu turdagi go‘shtning bir kilogrammi narxi 5 ming tengega (taxminan 9 dollar) yetdi. Hozirgi vaqtda Savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mol go‘shti ijtimoiy ahamiyatga molik mahsulotlar orasida narx dinamikasiga eng katta ta’sir ko‘rsatyapti.

«Ushbu mahsulot an’anaviy ravishda iste’mol savatchasining muhim qismini egallaydi va narxlarning o‘zgarishi uy xo‘jaliklari budjeti uchun katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, bu ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar ro‘yxatiga kiritilgan va barqaror iste’mol talabiga ega bo‘lgan yelkama-ko‘krak mol go‘shtiga tegishli ekanligini ta’kidlash kerak. Oziq-ovqat mahsulotlari orasida u umumiy iste’mol inflyatsiyasiga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi. Yil boshidan buyon go‘shtga bo‘lgan narx indeksi qariyb 25 foizni, ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar ro‘yxatiga kiritilgan cho‘chqa go‘shti bo‘yicha esa 23,6 foizni tashkil etdi», — deyiladi vazirlik xabarida.