Rossiya va Qozog‘iston chegarasida minglab yuk mashinalari turib qoldi

Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston chegarasida rekord darajada yuk mashinalari tirbandligi paydo bo‘ldi, deb xabar beradi Rossiyaning Business FM radiostansiyasi Telegram-kanali.

Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 5 mingga yaqin yuk mashinalari Rossiya tomonidan nazorat punktlarida o‘z navbatida kutmoqda. Qozog‘iston tomonida bundan-da ko‘p, deyiladi xabarda. Tirbandlik sababalari rasman xabar qilinmagan.

Radiostansiyaga moskvalik Aleksey ismli yakka tadbirkor murojaat qilgan va Xitoydan olib kelinayotgan tovarlari deyarli bir haftadan beri Qozog‘iston chegarasida ushlanib qolganini aytgan. «Bilishimcha, 10-11 sentyabrdan boshlab furalar harakatlanmasdan turib qolgan. Ular chegarada yana qancha vaqt turishi haqida hech kim hech narsa bilmaydi. Bilamanki, ko‘p kilometrli navbatlar hosil bo‘lgan. Qandaydir tekshiruvlar o‘tkazilyapti, lekin aniq ma’lumot yo‘q. Oradan bir hafta o‘tdi. Bungacha har bitta fura 10-15 daqiqadan tekshirilayotgan edi», — degan u.

Logistika kompaniyalarining ta’kidlashicha, eng katta tirbandliklar Qozog‘iston bilan chegaradosh Chelyabinsk viloyatidagi Bugristoye, Oltoy o‘lkasidagi Veseloyarsk va Kurgan viloyatidagi Petuxovo punktlarida kuzatilmoqda.

Biznes deyarli bir hafta davomida rasmiy ma’lumotlarga erishishga harakat qilmoqda. Hozircha hammasi mish-mishlar darajasida — rejadan tashqari tekshiruvlar o‘tkazilayotgani, tirbandliklar kamida 10-20 kun davomi etishi haqida, deya xabar beradi radiostansiya.

«TransAziya Logistiks» direktori Kirill Latinskiy Business FMga bergan izohida asosan Rossiyaga yo‘l olgan yig‘ma yuklar tekshirilayotgani va uning ehtimoliga ko‘ra, gap Xitoydan noqonuniy importga qarshi kurash ketayotgani haqida ekanini ta’kidlagan.

«Yana bir nyuans shundaki, Qozog‘iston hukumati mamlakatdan Rossiyaga tranzit orqali ketayotgan yuklarning deyardi 99 foizini tekshirmoqda. Sanksiya ro‘yxatidagi ikki maqsadli tovarlar, texnika, elektronika tovarlarini qidirishmoqda», — deya qo‘shimcha qilgan u.

RF va Qozog‘iston chegarasidagi ulkan tirbandlik haqida 18 sentyabr kuni Mash Telegram-kanali ham xabar berdi. Unga ko‘ra, Xitoydan Moskvaga yo‘l olgan yuklar uch kundan beri turib qolgan. «Tirbandlik sababi — bojxona kontrafakt tovarlarni tekshiryapti: furalarda elektronika, tamaki va elektron sigaretlar borligi ko‘zdan kechirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Qozog‘iston chegarasida oxirgi marta tirbandlik shu yilning iyun oyida yuz bergandi. O‘shanda chegarani kesib o‘tmoqchi bo‘lgan oddiy fuqarolarda muammolar paydo bo‘lgandi. Bunga yozda an’anaviy ravishda ko‘payib borayotgan sayyohlik oqimi, shuningdek, 30 iyun kuni boshlangan Rossiya Federatsiyasiga kirishning yangi qoidalari ta’sir ko‘rsatgandi.