Rossiya prezidenti Vladimir Putin migrantlar uchun patent tizimini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish mumkin, deb hisoblaydi. Bu haqda parlament fraksiyalari yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z yuritildi, deb xabar beradi TASS.
«Migrantlar uchun patent tizimini bekor qilish — bu haqda o‘ylab ko‘rishimiz kerak. U keng qo‘llanilmoqda. Men hech narsani istisno qilmayman. Sizdan hamkasblar bilan birgalikda bu borada ishlashingizni so‘rayman», — deya javob berdi Putin «Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu» partiyasi raisi Sergey Mironovning taklifiga.
Rossiya rahbari, shuningdek, migratsiya rossiyaliklar uchun nozik masala ekanini aytdi.
«Hokimiyat, na federal, na mahalliy darajada, muammolar yo‘q, deb o‘ylamasligi kerak. Bu muammolar mavjud va ularni hal qilish kerak, ammo bu masala doimiy nazorat ostiga bo‘lmasa, muammolarni hal qilib bo‘lmaydi», — dedi u.
«Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu» partiyasi rahbari Sergey Mironov yillar davomida patent tizimini bekor qilish zarurligi haqida gapirib keladi. 2023 yili u patentlarni ishlash ruxsatnomalari bilan almashtirishni taklif qilgandi, bu hujjatni olish uchun mehnat migrantlaridan suratga tushish va barmoq izlarini topshirish talab qilinadi.
Yaqinda Mironov Davlat Dumasidagi chiqishida yana shu masalani ko‘tardi.
«Bizning qardosh Belorusda hech qanday patent yo‘q. Ish beruvchilardan ishchi kuchiga ehtiyoj borligini, belaruslar yetishmasligini isbotlash talab etiladi. Keyin ular hech qanday oilasiz, hech qanday ijtimoiy yuklamasiz kelishadi. Ular ishlaydi, maosh oladi va vataniga qaytib ketadi. Biz ham shunday qilishimiz kerak», — deya Mironov so‘zlarini keltiradi Rossiya OAV.
Rossiya Federatsiyasida vizasiz mamlakatlardan kelgan migrantlarning ishlashi uchun ulardan patent talab qilinadi (Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi mamlakatlari fuqarolari bundan mustasno). Ushbu hujjat faqat unda ko‘rsatilgan muayyan hudud va faoliyat sohasida amal qiladi. Hozirgi vaqtda patentning narxi mintaqaga qarab farq qiladi. 2025 yili Moskvada oylik patent to‘lovi 8900 rublni tashkil qiladi. Sankt-Peterburgda — 6000 rubl.
Birgina joriy yilning yanvar-may oylarida mehnat migrantlariga patent sotishdan Rossiya budjetiga o‘tkazilgan jismoniy shaxslar daromad solig‘i 63 milliard rublni (804,5 million dollar) tashkil etdi. Bu statistikani o‘tgan yozda RF Ichki ishlar vazirligi Migratsiya masalalari bosh boshqarmasi boshlig‘i Valentina Kazakova ma’lum qildi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

