Mirziyoyev Turkiya va Yaqin Sharq mamlakatlariga amalga oshirilgan davlat tashriflari yakunlarini sarhisob qildi

Shavkat Mirziyoyev. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotasi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya, O‘mon va Iordaniyaga amalga oshirilgan davlat tashriflari yakunlarini sarhisob qildi. Bunda Markaziy Osiyo respublikasi yetakchisi asosiy e’tiborni iqtisodiy hamda savdo-investitsiyaviy hamkorlikka qaratdi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

Mirziyoyev ta’kidlaganidek, noyabr oyining ikkinchi yarmida Yaqin Sharqqa amalga oshirilgan safarlar doirasida strategik sheriklik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan amaliy hamkorlik bo‘yicha keng qamrovli kun tartibi shakllantirildi.

Jumladan, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida 30 dan ziyod ikki tomonlama hujjat qabul qilinib, birgalikdagi investitsiya loyihalari to‘plami 5 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilandi.

Davlat rahbarlari energetika, elektrotexnika, kimyo va tog‘-kon sanoati, shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi, moliya va raqamli texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.

Iordaniyaga tashrif chog‘ida 19 ta bitim imzolandi, ulardan eng muhimi imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuvdir. Mazkur hujjat tufayli tomonlar yaqin istiqbolda tovar ayirboshlashni 500 million dollarlik marraga yetkazish uchun eksport-import amaliyotlari hajmini oshirishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, to‘qimachilik korxonalarini tashkil etish, muhim xomashyo resurslarini o‘zlashtirish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish va agrosanoat klasterlarini barpo etish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ko‘rib chiqildi.

Prezident, shuningdek, Anqaraga yanvar oyida uyushtirilgan tashrif hamda noyabrda Toshkentda o‘tgan Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi doirasida erishilgan kelishuvlarni yodga oldi.

Xususan, tomonlar o‘zaro savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va hududlararo aloqalarni faollashtirish vazifasini qo‘ydilar. Shu bilan birga, 150 dan ziyod turk shirkati qatnashgan Toshkent sammiti yakunlari bo‘yicha 11,2 milliard dollarlik investitsiyaviy va savdo bitimlari tuzildi. Parrandachilik va bog‘dorchilik, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, geologiya, qurilish va turizm sohalarida sheriklik uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda.

Mirziyoyev imzolangan barcha hujjatlar ijrosini ta’minlash chora-tadbirlarini belgilash, investitsiya loyihalarini ishlab chiqishni, xususan, ularni moliyalashtirish va zarur infratuzilma yaratish masalalarini tezlashtirish o‘ta muhimligini qayd etdi.

Mutasaddilarga O‘mon, Iordaniya va Turkiya bilan hamkorlik bo‘yicha aniq tadbirlar, ularni amalga oshirish muddatlari va mas’ul ijrochilar ko‘rsatilgan alohida «yo‘l xaritalari»ni tayyorlash topshirildi.