Germaniyaning Ergon nashriyotida «Afgʻoniston va Markaziy Osiyo yahudiylari. Ivrit tilidagi tadqiqotlarning izohli toʻplami» (The Jews of Afghanistan and Central Asia: An Annotated Collection of Hebrew-Language Research) nomli kitob dunyo yuzini koʻrdi. Nomos saytidagi kitob annotatsiyasida qayd etilishicha, mazkur nashr orqali mintaqa yahudiy jamoalari tarixiga oid sakkiz nafar olimning ilgari faqat ivrit tilida mavjud boʻlgan ishlari ilk bor ingliz tilida taqdim etildi.
Toʻplamga Tomas Loy, Kristof Xopp va Zeev Levin muharrirlik qilgan. Kitobda asosiy eʼtibor XIX–XX asrlarga qaratilgan: unda koʻchishlar, diniy hayot, jamoalar tuzilishi hamda Afgʻoniston, Markaziy Osiyo va Sharqiy Eron yahudiylari oʻrtasidagi aloqalar yoritilgan. Nashr hajmi — qariyb 236 sahifa.
Kirish soʻzida muharrirlar Afgʻoniston yahudiylari va Buxoro yahudiylarining sovet davrigacha boʻlgan tarixi haqidagi tadqiqotlarning katta qismi ivrit tilida yozilganini tushuntirib oʻtadi. Ivritzabon ilmiy muhitdan tashqarida bu asarlar koʻpincha nomaʼlum boʻlib qolmoqda yoki ulardan kam foydalanilmoqda. Shu bilan birga, soʻnggi oʻn yilliklarda ingliz tilidagi adabiyotlarda Buxoro va Eron yahudiylari tarixiga sezilarli eʼtibor qaratilayotgan boʻlsa-da, zamonaviy Afgʻoniston yahudiy jamoalari ancha kam oʻrganilgan.
👉 Kitobni Nomos-shop.de saytidan xarid qilish mumkin.
Mazkur toʻplam «Yahudiy uchburchagi: XIX–XX asrlarda fors madaniy dunyosi yahudiylari hayotidagi aloqalar va uzilishlar» tadqiqot loyihasi doirasida yaratildi. Uning ishtirokchilari Afgʻoniston, Eron va Markaziy Osiyo jamoalari tarixini oʻzaro bogʻliqlikda koʻrib chiqishni taklif qiladi. Savdo, koʻchib oʻtishlar, qarindoshlik rishtalari va diniy elchilarning safarlari bir-biridan uzoqda joylashgan jamoalarni birlashtirib turgan. Shu bilan birga, mahalliy tafovutlar saqlanib qolgan, yahudiylarning kundalik hayoti esa musulmon qoʻshnilar bilan yaqin muloqotda kechgan.
Kitobga dastlab 1962–2016 yillarda nashr etilgan ishlar kiritilgan. Ularning mualliflari orasida Isxak Betsalel, Zeev Gol, Reuven Kashani, Tsila Zan-Bar Tsur, Giora Pozaylov, Albert Kaganovich, Yaron Xarel va Ben-Tsion Yexoshua-Raz bor. Muharrirlar jamoalarning ijtimoiy hayoti haqidagi muhim maʼlumotlarni, etnografik materiallarni va ingliz tilidagi adabiyotlarda kam yoritilgan tadqiqot usullarini oʻz ichiga olgan matnlarni tanlab olgan. Tarjima qilingan har bir ishni kirish sharhi kuzatib boradi, mualliflar haqidagi maʼlumotlar esa ilovaga chiqarilgan.
Zeev Golning Hirot yahudiy jamoasi tarixiga bagʻishlangan tadqiqoti kitobda alohida oʻrin tutadi. U 1984 yilda xususiy tartibda nashr etilgan va asosan afgʻon yahudiylari orasida tarqatilgan edi. Yangi toʻplam uchun mazkur ish qisqartirildi. Muharrirlar memuar va safar xotiralarini kiritmaslikka qaror qilishdi, chunki ularni chop etish alohida tanqidiy izohlarni talab qilar edi.
Tarjima qilingan matnlarni uchta tadqiqot ocherki toʻldiradi. Tomas Loy fors madaniy dunyosidagi yahudiy jamoalarining tarixiy aloqalarini, Zeev Levin Isroilda Markaziy Osiyo va Afgʻoniston yahudiylarini oʻrganish rivojini, Ahmad Aziziy esa afgʻon yahudiylarini tadqiq etishda fors va pushtu tillaridagi manbalarning ahamiyatini tahlil qiladi. Toʻplam muharrirlari ushbu tarjima mintaqa tadqiqotchilariga yahudiy ozchiliklarini oʻz mintaqaviy va madaniy kontekstida oʻrganishga yordam berishiga umid bildirmoqda.



