O‘zbekiston hukumati huzuridagi Migratsiya agentligi direktori lavozimidan sentyabr oyi boshida idoradagi bir qator korrupsiyaviy mojarolardan so‘ng ozod etilgan Behzod Musayev «Vatandoshlar» jamoat fondi boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda tashkilot saytining «Rahbariyat» bo‘limida ma’lumot berilgan.
Ilgari jamoat fondiga Odiljon Sattarov rahbarlik qilgan. U 2021 yil sentyabr oyidan buyon fond raisi lavozimida ishlab kelgan. Endi esa u boshqaruv raisining o‘rinbosari sifatida ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Behzod Musayev 2024 yil sentyabr oyida Migratsiya agentligi rahbari etib tayinlangan edi. Unga qadar turli yillarda Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vaziri, Sog‘liqni saqlash vaziri, ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari, Hisob palatasi raisi va Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimlarida ishlagan.
Joriy yilning 4 sentyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev uni lavozimidan ozod qildi. Migratsiya agentligi direktori lavozimiga esa avval Yaponiyada elchi bo‘lib ishlagan Muxsinxo‘ja Abdurahmonov tayinlandi.
Musayevning lavozimidan ozod etilishi sabablariga aniqlik kiritilmagan. Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, qaror uning boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan qabul qilingan.
Shu bilan birga, u lavozimidan ketishidan biroz oldin ommaviy axborot vositalarida Migratsiya agentligidagi bir nechta korrupsiyaviy mojarolar haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Masalan, may oyida Bosh prokuratura idoraning sobiq xodimlariam kirgan jinoiy guruhni aniqlagan. Tergov versiyasiga ko‘ra, gumonlanuvchilar O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyaga ishlash uchun yuborish bo‘yicha noqonuniy sxema tashkil etgan. Tezkor tadbirlar davomida firibgarlar minglab odamlarni aldagani aniqlangan. Yetkazilgan zarar miqdori o‘n millionlab dollarga baholangan.
Avgust oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Migratsiya agentligi mansabdor shaxslari yirik miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirishda gumonlanayotganini ma’lum qildi. Gap davlat idorasida amalda ishlamagan ikki fuqaroga ish haqi sifatida berilgan qariyb 1 milliard so‘m (taxminan 85 ming dollar) haqida bormoqda.
Bundan tashqari, xalqaro qidiruvda bo‘lgan agentlikning sobiq xodimi Aziz Tashtemirov o‘zining avvalgi idorasi rahbariyatiga oid fosh etuvchi ma’lumotlarni e’lon qilgandi. Jumladan, u Behzod Musayevni davlat idorasi rahbarining oilasi nomiga rasmiylashtirilgan biznesni «ilgari surish»da ayblagan.
ℹ️ «Vatandoshlar» jamoat fondi O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 11 avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan. Uning maqsadi xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilishga ko‘maklashishdan iborat. Dastlab fond ehtiyojlari uchun respublika hukumati zaxira jamg‘armasidan 5 milliard so‘m (420 ming dollar) ajratish ko‘zda tutilgan edi. Keyinchalik tashkilotni moliyalashtirish manbalari sifatida davlat subsidiyalari, muassislar mablag‘lari, xayriyalar, grantlar va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlar belgilangan. Biroq, Vazirlar Mahkamasining qarorida davlat budjetidan fondga muntazam ravishda ajratiladigan mablag‘larning aniq miqdori ko‘rsatilmagan.



