1 noyabrdan O‘zbekiston fuqarolari uchun Misrga kirishning yangilangan tartibi joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi ma’lum qildi.
Avval O‘zbekiston fuqarolarining Misrga kirish shartlari mamlakatga qaysi hudud orqali kirishiga qarab farq qilar edi. Sinay yarimorolidagi kurortlar, birinchi navbatda, Sharm ash-Shayxga charter reyslar orqali kelgan sayyohlar uchun 14 kechagacha vizasiz rejim amal qilgan. Bu tartib Misrning boshqa hududlariga tatbiq etilmagan: Qohira, Xurgada yoki Luksorga borish uchun Toshkentdagi Misr elchixonasida oldindan viza rasmiylashtirish talab etilgan.
Yangi qoidalarga ko‘ra, endi O‘zbekiston fuqarolari, jumladan, Sinay yarimoroliga kirish uchun ham safar boshlanishidan oldin Misrning diplomatik vakolatxonalari orqali kirish vizasini rasmiylashtirishlari kerak bo‘ladi. Bunda sayyohlik safarlari faqat vakolatli turoperatorlar orqali tashkil etiladi.
40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar Misrga faqat yaqin oila a’zolari (ota-ona, er-xotin yoki farzandlari) hamrohligida safar qilishi mumkin. Bunda oila tasarrufida safar davomida kamida 5000 AQSH dollari miqdorida naqd mablag‘ mavjud bo‘lishi talab etiladi. 40 yoshdan yuqori bo‘lgan mustaqil sayohat qiluvchilar kamida 3000 AQSH dollari miqdorida naqd moliyaviy mablag‘ga ega bo‘lishlari lozim.
Misrga kirishda mehmonxona bron qilinganini tasdiqlovchi hujjat, mobil aloqa ma’lumotlari va yetarli moliyaviy mablag‘ mavjudligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi kerak.
Misr hududida bo‘lish vaqtida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish to‘g‘risidagi arizalar qabul qilinmaydi.
Barcha zarur hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan shaxslarni mamlakatga kiritish rad etilishi va ular kelgan aviakompaniya reysi bilan ortga qaytarilishi mumkin.
Qayd etish joiz, 2025 yil oktyabr oyida O‘zbekiston hukumati Misrni fuqarolari respublikaga 30 kungacha vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kiritgan edi.
2026 yil 15 sentyabrdan Tailand hukumati ham 2024 yil iyul oyidan buyon O‘zbekiston fuqarolari uchun amal qilib kelayotgan vizasiz kirish tartibini bekor qildi. Endi ushbu mamlakatga safar qilish uchun thaievisa.go.th rasmiy portali orqali elektron vizani oldindan rasmiylashtirish talab etiladi. Bunda to‘lovni AQSH dollarida naqd pul bilan, shaxsan Tailand elchixonasida amalga oshirish kerak. O‘zbekistonga eng yaqin Tailand elchixonasi Moskva shahrida joylashgan.
Misr va Tailand O‘zbekistonlik sayyohlar orasida eng ommabop o‘nta sayyohlik yo‘nalishi qatoriga muntazam ravishda kirib kelgan.



