O‘zbekiston va Turkmaniston Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzishga qaror qildi

president.uz sayti fotosurati

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari — Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov — 8 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda ta’kidlanishicha, mazkur shartnoma « siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish hamda ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam institutsional asos yaratadi».

Uchrashuv davomida tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikdagi ijobiy dinamikani qayd etdilar. Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, «Shovot — Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hamda sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalarda Kooperatsiya dasturini qabul qilish va uni ikki mamlakat hududlari darajasida ham amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev 7 oktyabr kuni Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ning navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun Turkmanistonga kelgan edi.