Wildberries & Russ kompaniyasi O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida ko‘p tarmoqli logistika majmuasini qurish bo‘yicha investitsiya shartnomasini imzoladi. Bu haqda Spot kompaniya matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Kelishuv 6 oktyabr kuni Farg‘onada Rossiya va O‘zbekiston hududlari kengashining uchinchi yig‘ilishida imzolandi. Tadbirda O‘zbekistonning barcha hududlari va Rossiyaning 17 ta hududidan rahbarlar va vakillar, shuningdek, ikki mamlakatdan 400 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Logistika xabi O‘zbekiston poytaxtining Yangixayot tumani bilan chegaradosh «Bog‘zor» mahallasidagi 67,3 gektar maydonda joylashadi. Ayni paytda loyihalash ishlari olib borilmoqda. Qurilishni oktyabr oyi oxirida boshlash rejalashtirilgan.
Shartnoma shartlariga ko‘ra, Wildberries majmuani belgilangan muddatda foydalanishga topshirish va kadrlar tayyorlashni rivojlantirish majburiyatini olgan. Kompaniya majmuada kamida 7500 ta ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda. Yana kamida 2000 kishi ixtisoslashtirilgan ta’lim dasturlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tadi.
Kompaniya loyihaning O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlarni xorijiy bozorlarda ilgari surishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Kutilayotganidek, xab qurilishi ombor infratuzilmasini kengaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.
Wildberriesning O‘zbekistondagi direktori Akmal Primqulov avvalroq kompaniya mahalliy bozorda ekotizimni uch yo‘nalishda rivojlantirayotganini ma’lum qilgan edi: elektron tijorat uchun infratuzilma, taksi va fintex. 2025 yilda Wildberries platformasida O‘zbekiston tovarlarining sotuv hajmi 1,4 milliard dollardan oshgan. Bunda asosiy ulush Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarga tekstil mahsulotlari yetkazib berish hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Wildberries O‘zbekistonda savdo-logistika majmuasini tashkil etish niyati haqida 2022 yil noyabr oyida ma’lum qilgan edi. Shuningdek, Toshkentda tovarlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida bojxona va sertifikatlash organlarining «yagona darcha» xizmatiga ega logistika-saralash markazini tashkil etish rejalari ham aytilgan. O‘shanda loyiha qiymati 130 million dollarga baholangan.
2026 yil iyun oyida Wildberries & Russ bosh ijro direktori Robert Mirzoyan Toshkent xalqaro investitsiya forumida O‘zbekistonda 300 million dollardan ortiq investitsiya bilan Markaziy Osiyo logistika xabini tashkil etish rejalarini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xab Wildberriesning saralash markazi va Toshkent viloyatida qurilayotgan maydoni 170 ming kvadrat metr bo‘lgan ombor majmuasini kompaniyaning boshqa mamlakatlardagi obyektlari bilan bog‘lashi kerak.
Loyiha Rossiya — O‘zbekiston — Yaqin Sharq yo‘nalishidagi asosiy bozorlarni birlashtirish, shuningdek, Xitoydan Afrikaga eksport tovarlarining tranzitini tashkil etishga qaratilgan.
Investitsiya shartnomasining imzolanishi Wildberries O‘zbekiston, Belarus va Qozog‘istonda uzoq muddat saqlanadigan tovarlarning bir qismini omborlarga joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqidagi xabarlar fonida yuz berdi. Bu 2026 yil iyul oyida Rossiyada kompaniyaning logistika infratuzilmasiga dronlar orqali bir qator hujumlar boshlangani bilan bog‘liq. Wildberries kompaniyasi xorijda ombor obyektlarini qurish reja asosida davom etayotganini ma’lum qilgan.



