O‘zbekiston TIV: Latviya o‘zbekistonliklarga viza berishning amaldagi tartibini o‘zgartirmaydi

Latviya Ichki ishlar vazirligi tomonidan avvalroq bildirilgan vaqtinchalik cheklov joriy etish taklifiga qaramay, O‘zbekiston fuqarolariga viza berishning amaldagi tartibiga o‘zgartish kiritmaydi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonula Fayziyev ma’lum qildi.

Fayziyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni paydo bo‘lgan ma’lumotga zudlik bilan munosabat bildirgan. O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi Latviya Bosh vaziri ofisi rahbariyati, Tashqi ishlar va Iqtisodiyot vazirliklari, shuningdek, prezident ma’muriyati vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy masalalar departamenti Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan muzokaralar o‘tkazgan.

«Muzokaralar davomida Latviya tomoniga taklif etilayotgan choralarning ikki tomonlama munosabatlarga ehtimoliy ta’siri yuzasidan O‘zbekistonning pozitsiyasi yetkazildi. Ko‘rilgan [diplomatik] choralar natijasida Latviya tomoni mavjud holatga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj yo‘qligini ilgari surdi», — dedi Fayziyev.

U O‘zbekiston Latviyani Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkor sifatida ko‘rishini va siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda migratsiya sohalarida rivojlanib borayotgan shakllangan munosabatlarni qadrlashini ta’kidladi.

Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, xorijda bo‘lgan yoki safarlarni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarni «tegishli davlat qonunchiligiga qat’iy rioya qilish, uning milliy urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish hamda o‘z xatti-harakatlariga mas’uliyat bilan yondashish»ga chaqirdi.

«Ayrim shaxslar sodir etadigan huquqbuzarliklar nafaqat ularning o‘zlariga, balki xorijda qonuniy asosda o‘qiyotgan, ishlayotgan, sayohat qilayotgan yoki yashayotgan boshqa vatandoshlarimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», — dedi Tashqi ishlar vazirligi vakili.

Avvalroq, 29 sentyabr kuni Latviya Ichki ishlar vaziri Yanis Dombrava O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha to‘xtatish tashabbusi bilan chiqqan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga O‘zbekiston fuqarolari Latviyaga kelganidan ko‘p o‘tmay jinoyatlar, jumladan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar sodir etgan holatlar sabab bo‘lgan. «Biz chora ko‘rishimiz shart», — degan edi vazir. Taklif Latviyaning Immigratsiya to‘g‘risidagi qonuni 8-moddasining 2-qismiga asoslangan bo‘lib, mazkur norma hukumatga jamoat tartibini himoya qilish maqsadida muayyan uchinchi davlatlar fuqarolarining mamlakatga kirishini cheklash imkonini beradi.

Biroq, bu masala Vazirlar mahkamasi yig‘ilishi kun tartibiga kiritilmadi. Dombrava X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilishicha, koalitsiyadagi hamkorlar bu mavzuni muhokama qilishga «tayyor emas edi». Latviya Ichki ishlar vazirligi taklifni hukumatning keyingi yig‘ilishlaridan birida yana ko‘rib chiqishni rejalashtirgan.

Keyinroq, 30 sentyabr kuni Dombrava Latviyada O‘zbekistonning ikki fuqarosi — Akbar Abdihakimov va Behruz Sharipovning vaqtincha yashash ruxsatnomalari bekor qilinganini ma’lum qildi. Ularga mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etish uchun yetti kun muhlat berilgan, aks holda majburiy deportatsiya qilinishi belgilangan. Bunga Sarnikava shahrida yuz bergan hodisa sabab bo‘lgan. Unda ikki o‘zbekistonlik o‘z so‘zlariga ko‘ra, ko‘ngilochar maqsadda oqqushga hujum qilgan. Riga sudi ularni voyaga yetmaganlar huzurida oqqushni qiynashda aybdor deb topib, 3 yil 11 oy muddatga probatsiya nazoratiga hukm qilgan. Shuningdek, ularga to‘rt yil davomida har qanday hayvonni boqish taqiqlangan.