Xalqaro mediaforum ishtirokchilari Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdilar

ITSM fotosurati

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqanddagi Imom al-Buxoriy memorial majmuasi va Hadisshunoslik maktabiga tashrif buyurdilar. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrifda 50 ga yaqin mamlakatdan jurnalistlar, media kompaniyalar rahbarlari, prodyuserlar, olimlar va ekspertlar ishtirok etdi. Ularga Imom al-Buxoriy majmuasini rekonstruksiya qilish ishlari, uning me’moriy xususiyatlari, ziyoratchilar va tadqiqotchilar uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, buyuk islom olimining merosini o‘rganish va ommalashtirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Forum ishtirokchilari, shuningdek, Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishdilar. Bu yerda talabalar hadis va hadisshunoslik bilan bir qatorda Qur’oni karim, tafsir, fiqh, aqida, islom tarixi hamda xorijiy tillar bo‘yicha ham chuqur bilim oladi.

Xorijlik mehmonlarga Samarqanddagi ilmiy maktablar tarixi, Imom al-Buxoriy merosining islom tafakkuridagi o‘rni, shuningdek, uni o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazishga qaratilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Samarqanddagi dastur Xalqaro mediaforumning davomi bo‘ldi. Forumning asosiy ishchan qismi 25–26 avgust kunlari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tdi. Unda 50 ga yaqin mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili ishtirok etdi.

Imom Buxoriy Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan va butun islom sivilizatsiyasi tarixida chuqur iz qoldirgan buyuk muhaddis sifatida e’tirof etiladi. Uning «Al-jome’ as-sahih» asari asrlar davomida hadis ilmining eng ishonchli va mo‘tabar manbalaridan biri sifatida qadrlanib kelmoqda.

Olimning Xartang qishlog‘idagi qabri yonidagi birinchi memorial majmua XVI asrda barpo etilgan. Hozirgi majmua esa 1997–1998 yillarda Imom al-Buxoriy tavalludining 1225 yilligi munosabati bilan qurilgan.

2021 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan majmuani keng ko‘lamda rekonstruksiya qilish va amalda yangidan barpo etish ishlari boshlandi. Majmua hududi 44 gektargacha kengaytirildi, yangi maqbara, 10 ming kishiga mo‘ljallangan masjid, balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora, muzey, ma’muriy va boshqa binolar barpo etildi. 2026 yil mart oyiga kelib asosiy qurilish ishlari yakunlandi.