O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 852 nafar mahkumni avf etish to‘g‘risida farmon imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Avf etilganlarning 604 nafari jazodan to‘liq ozod qilindi, 115 nafari shartli ravishda muddatidan oldin ozodlikka chiqariladi. Yana 52 nafar mahkumning jazosi yengilroq jazo turiga almashtirildi, 81 nafarining qamoq muddati qisqartirildi.
Avf etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 49 nafar ayol, 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak va 375 nafar yoshlar bor. Alohida ta’kidlanishicha, avf etilganlarning 63 nafari avval taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgani uchun sudlangan.
ℹ️ O‘zbekistonda avf etish to‘g‘risidagi farmonlar, odatda, yiliga uch marta — Ramazon hayiti arafasida, mamlakatda 1 sentyabr kuni nishonlanadigan Mustaqillik kuni va 8 dekabr — Konstitutsiya kuni munosabati bilan qabul qilinadi. Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda rasman hokimiyat tepasiga kelganidan buyon mahkumlarni avf etish bo‘yicha 31 ta farmon imzolagan. Ushbu farmonlar jami 10 567 nafar mahkumni qamrab olgan.



