«Qayrat» UYEFA Chempionlar ligasi saralashining keyingi bosqichiga yo‘l oldi

«Qayrat» futbolchilari. . «Qayrat» FK fotosurati

Olmaota shahrining «Qayrat» futbol klubi Chempionlar ligasi saralash birinchi bosqichining javob o‘yinida Chernogoriyaning «Suteska» jamoasini mag‘lub etdi. 15 iyul kuni Nikshich shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv Qozog‘iston klubining 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Birinchi o‘yinda «Qayrat» Olmaotada 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. Shu sababli javob bahsida mehmonlarga mag‘lub bo‘lmaslikning o‘zi yetarli edi va ular bu vazifani uddalashdi.

Birinchi bo‘limda gollar urilmadi. 68-daqiqada 18 yoshli Ismoil Bekbolat hisobni ochdi. Bu uning yevrokuboklardagi ilk goli bo‘ldi. 79-daqiqada mezbonlar himoyachisi Andriya Rajnatovich ikkinchi sariq kartochka olib, maydondan chetlatildi. Oradan ko‘p o‘tmay Jorjino penaltini aniq amalga oshirib, yakuniy hisobni o‘rnatdi.

Shu tariqa, Qozog‘iston jamoasi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Chempionlar ligasi saralashining ikkinchi bosqichida «Qayrat»ning raqibi Kiprning «Omoniya» klubi bo‘ladi. Ushbu bosqich uchrashuvlari 21 va 28 iyul kunlari o‘tkaziladi.

Qayd etish lozim, o‘tgan mavsumda «Qayrat» Chempionlar ligasi saralashining barcha to‘rt bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, klub tarixida ilk bor turnirning guruh bosqichiga yo‘l olgan edi.

16 iyul kuni Qozog‘istonning yana ikki klubi — «Astana» va «Yelimay» Chempionlar ligasi saralashining birinchi bosqichidagi javob uchrashuvlarini o‘tkazadi.