O‘zbekiston o‘zining sakkizta viloyatini Belarusning muayyan hududlariga biriktirib, qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini yo‘lga qo‘yish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu qaror 15 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan taqdimot yakunlari bo‘yicha qabul qilindi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
O‘zbekistonning Andijon viloyati va Belarusning Vitebsk viloyati o‘rtasida ishlab chiqilgan hamkorlik modeli ikki mamlakatning boshqa hududlariga ham tatbiq etiladi. Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari Belarusning Vitebsk, Mogilyov, Grodno, Gomel va Brest viloyatlariga biriktiriladi. Har bir hududlar juftligi uchun yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha alohida «yo‘l xaritalari» tasdiqlanadi.
Bu qaror O‘zbekiston prezidentining 8–9 iyul kunlari Belarusga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar natijasi bo‘ldi. O‘shanda tomonlar o‘zaro savdo hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazish va umumiy qiymati yana 2 milliard dollar bo‘lgan 310 ta qo‘shma loyihani amalga oshirishga kelishib olgan edi. Loyihalar mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik sanoati, yog‘ochni qayta ishlash va sog‘liqni saqlash sohalarini qamrab oladi.
Taqdimotda ta’kidlanishicha, Belarusda investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun taklif etilayotgan sanoat obyektlari, davlat mulki va keng qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud. Mamlakat hududining 40 foizini yoki 8 million gektarini qishloq xo‘jaligi maydonlari tashkil etadi. Bu imkoniyatlar qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, agrar kooperatsiyani rivojlantirish va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Taqdimotda Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Bu hududlar o‘rtasida allaqachon «yo‘l xaritasi» tasdiqlangan va aniq tashabbuslarni amalga oshirish boshlangan. Jumladan, Andijon viloyatidan 255 nafar fuqaro uyushgan holda Vitebsk viloyatiga yuborilib, ish bilan ta’minlangan. Shuningdek, 11 ta chorvachilik majmuasi negizida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ularning har biri 200 boshdan 3 ming boshgacha qoramol parvarishlash imkoniyatiga hamda yetarli ozuqa maydonlariga ega.
Umuman olganda, Vitebsk va Belarusning boshqa viloyatlarida chorvachilik, yog‘ochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida qiymati 100 million dollardan ortiq bo‘lgan 30 ta yangi loyiha portfeli shakllantirilgan.
Xususan, Vitebsk viloyatida 3 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan yirik sutchilik majmuasi, bir qator o‘rta hajmdagi chorvachilik xo‘jaliklari, yog‘ochni chuqur qayta ishlash va uning chiqindilaridan pellet ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Logistika sohasida yil oxiriga qadar «Belarus temir yo‘llari» bilan hamkorlikda Vitebsk viloyatidagi Orsha stansiyasida intermodal logistika markazini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. U imtiyozli tarif shartlari asosida eksport-import yuklariga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida blok-poyezdlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnovini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Taqdimotda O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy tartibda ishga joylashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Birinchi bosqichda Vitebsk va Belarusning boshqa viloyatlaridagi 13 ta korxonada tanlov asosida 1100 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Sentyabr oyidan boshlab har oy Vitebsk viloyatida Andijon viloyatidan 500 nafar aholini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Umumiy hisobda bu raqam 5000 kishini tashkil etadi. Buning uchun Vitebsk shahrida O‘zbekiston Migratsiya agentligining vakolatxonasi ochiladi.
Tadbirkorlarga Belarusda hisobvaraq ochish, ustav fondiga mablag‘ o‘tkazish va loyihalariga moliyaviy resurslar olishda ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi. Vitebsk shahrida sutchilik majmuasi, yog‘ochni qayta ishlash zavodi va logistika kompaniyasini tashkil etish uchun zarur mablag‘larni imtiyozli shartlarda ajratish topshirildi.
Mirziyoyev har bir erishilgan kelishuv aniq loyiha, yangi korxona, qo‘shimcha savdo haj har bir kelishuv aniq loyiha, yangi korxona, qo‘shimcha savdo hajmi va munosib ish o‘rniga aylanishi shartligini ta’kidladi. Mutasaddilarga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ustidan tizimli nazoratni ta’minlash va «yo‘l xaritalari» ijrosini tanqidiy tahlil qilib borish vazifasi yuklatildi.



