Ekspertlar: O‘zbekistonga Rossiyadan import qilinayotgan gaz hajmi 10 milliard kub metrdan oshishi mumkin

sputniknews.ru sayti fotosurati

2026 yil oxiriga qadar O‘zbekiston Rossiya gazi importini 40 foizdan ko‘proqqa — 7 milliard kub metrdan 10 milliard kub metrdan ortiq hajmgacha oshirishi mumkin. Bunday prognoz Xalqaro energetika agentligining (XEA) tahliliy materiallarida keltirilgan, deb xabar beradi «Gazeta.uz».

Tashkilot ekspertlarining ta’kidlashicha, Rossiya qo‘shni Qozog‘iston hududi orqali «O‘rta Osiyo — Markaz» magistral gaz quvurlari tizimidan foydalangan holda O‘zbekistonga xom ashyo yetkazib berish hajmini oshirishda davom etmoqda.

Import hajmining ko‘payishi respublika ichidagi gaz qazib chiqarish hajmining kamayishi fonida yuz bermoqda. XEA ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil yanvar–may oylarida O‘zbekistonda tabiiy gaz ishlab chiqarish 2025 yilning shu davriga nisbatan 14 foizga yoki 2,6 milliard kub metrga kamaygan.

Tahlilchilarning fikricha, pasayish amaldagi konlarning «zangori olov» qazib chiqarish bo‘yicha avvalgi ko‘rsatkichlarni saqlab qolish imkoniyatlari yomonlashgani bilan bog‘liq. Bunday tendensiya Qozog‘istonda ham kuzatilmoqda: 2026 yilning dastlabki besh oyida mamlakatda gaz qazib chiqarish qariyb 8 foizga yoki 1 milliard kub metrga kamaygan. Turkmanistonda esa vaziyat barqarorligicha qolmoqda — o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar deyarli o‘zgarmagan.

OAV O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarini keltirib, 2025 yilda Rossiya va Turkmanistondan import qilingan gaz qiymati 1,2 foizga kamayib, 1,66 milliard dollarni tashkil etganini yozmoqda. Biroq shu bilan birga, yetkazib berishning jismoniy hajmi 14,9 foizga oshgan — 5,6 milliarddan qariyb 6,5 milliard kub metrga yetgan.

Umuman olganda, Rossiya, Markaziy Osiyo respublikalari va Kavkazorti mamlakatlarini o‘z ichiga olgan Yevroosiyo hududida gaz qazib chiqarish o‘tgan yilgi 3 foizlik pasayishdan so‘ng tiklana boshladi. Hisobot davrida o‘sish 2,5 foizni tashkil etgan. Biroq, bu asosan Rossiya hisobiga yuz bergan. Joriy yil yakuni bo‘yicha tahlilchilar hududda gaz qazib chiqarish hajmi 2 foizga oshishini kutmoqda.

Shu bilan birga, gazga bo‘lgan talab qariyb 3 foizga o‘sishi mumkin. Buning sabablari sifatida sovuq qishlar va qazib chiqarish hajmlari hali ham 2021 yil ko‘rsatkichlaridan 9 foiz past darajada qolayotgani ko‘rsatilmoqda.

Xalqaro energetika agentligi bunga asosiy sabablardan biri sifatida Yaqin Sharqdagi mojaro hamda inqirozga qadar jahon suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berish hajmining qariyb 20 foizi to‘g‘ri kelgan Hurmuz bo‘g‘ozi orqali gaz tashishning cheklanganini ko‘rsatmoqda.

Tahlilchilar xulosasiga ko‘ra, 2026 yilning ikkinchi choragida Yevropada gaz narxi yillik hisobda 32 foizga, Osiyoda esa bunday gazning spot narxlari 45 foizga oshgan.