Islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari Mirziyoyevga murojaat yo‘lladilar

Forum ishtirokchilari. ITSM fotosurati

Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha I Xalqaro forum ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llab, unda Jahon Islom sivilizatsiyasi alyansini tashkil etishni taklif qildi. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (ITSM) matbuot xizmati xabar qildi.

Tashabbus mualliflari fikriga ko‘ra, mazkur alyans qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, mutaxassislar tayyorlash, akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, xalqaro nashriyot loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, madaniy meros obyektlarini saqlash va ommalashtirish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirish ishlarini yo‘lga qo‘yadi.

Forum ishtirokchilari tadbir yakunlari bo‘yicha qabul qilingan deklaratsiya hamda islom sivilizatsiyasini saqlash, o‘rganish va rivojlantirishga bag‘ishlangan «Yo‘l xaritasi»ni qo‘llab-quvvatladilar. Shuningdek, ular O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (ITSM) va mamlakatning boshqa ilmiy-ma’rifiy muassasalari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Bunday hamkorlik fundamental ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy asarlarni tayyorlash va nashr etish, arxiv materiallari hamda qo‘lyozmalar bilan almashish, shuningdek, ko‘rgazmalar, konferensiyalar va ta’lim dasturlarini tashkil etishni o‘z ichiga oladi.

Murojaatda forum ishtirokchilari tadbirni yuqori saviyada tashkil etgani hamda islom merosini o‘rganishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdilar. Jumladan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, yangilangan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazlari, Xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti qayd etildi.

Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha I Xalqaro forum «Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat» shiori ostida o‘tdi. Forum tadbirlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida tashkil etildi. Unda 50 dan ortiq mamlakatdan xalqaro tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari vakillari, diniy arboblar, olimlar, kutubxona, muzey hamda madaniyat muassasalari xodimlari ishtirok etdilar.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.