O‘zbekistonlik mutaxassis Sergey Lushan Superligadan chiqib ketish xavfi ostida turgan Muborakning «Mash’al» klubiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Jamoani so‘nggi o‘yinlarda boshqargan Ildar Sakayev klubning texnik direktori lavozimiga o‘tkazildi. Lushan joriy mavsum boshidan buyon «Mash’al» boshqaruviga kelgan to‘rtinchi mutaxassis bo‘ladi. Mavsumga jamoani Igor Surov tayyorlagan, u ketganidan so‘ng esa jamoa bilan Otabek Narzullayev va Sakayev ishladi.
Yangi murabbiy jamoani Superliganing so‘nggi o‘rnida qabul qilib oldi. «Mash’al» 11 ta uchrashuvning barchasida mag‘lubiyatga uchradi, raqiblar darvozasiga to‘rtta gol urdi va o‘z darvozasidan 21 ta to‘p o‘tkazib yubordi. Jamoaning «So‘g‘diyona»dan ortda qolishi 9 ochkoni, «Qo‘qon-1912» va samarqandning «Dinamo» klublaridan farqi 11 ochkoni, «Surxon»dan esa 12 ochkoni tashkil etmoqda. Chempionat yakuniga qadar yana 19 tur qolgan.
Lushanning asosiy vazifasi jamoani elita divizionida saqlab qolishdan iborat bo‘ladi. Uning rahbarligidagi birinchi uchrashuvda «Mash’al» 17 iyul kuni o‘z maydonida jadvalning quyi qismidagi raqiblaridan biri bo‘lgan «Qo‘qon-1912» klubini qabul qiladi.
Sergey Lushan 53 yoshda, u Toshkent shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati davrida himoyachi sifatida «Paxtakor», «Navbahor», Rossiyaning «Krilya Sovetov» va «Rostselmash» jamoalarida o‘ynagan, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga jalb etilgan va 2000 yilgi Osiyo kubogida ishtirok etgan. Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, u «Bunyodkor», «So‘g‘diyona», samarqandning «Dinamo» klublarida, shuningdek, Belarusning Soligorsk va Petrikov shaharlaridagi «Shaxtyor» jamoalarida ishlagan.
Uning bosh murabbiy sifatidagi asosiy yutuqlari «Bunyodkor» va «Navbahor» bilan bog‘liq. 2016 yilda Lushan rahbarligida Toshkent klubi O‘zbekiston chempionatida kumush medallarni qo‘lga kiritgan. 2024 yil yozida mutaxassis beshinchi o‘rinda borayotgan «Navbahor»ni qabul qilib olgan va namanganliklarni Superligada bronza medallariga olib kelgan. O‘sha mavsumda jamoa O‘zbekiston Kubogi finaliga ham yetib borgan.



