Samarqandda Imom Moturidiy innovatsion muzeyi konsepsiyasi taqdim etildi. Ushbu muzey ilmiy-ma’rifiy va raqamli ziyorat markaziga aylanishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimot 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilayotgan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Muzey loyihasi «Imom Moturidiy merosi: mo‘tadillik, bag‘rikenglik va ma’rifat poydevori» xalqaro konferensiyasida taqdim etildi. Muzey Samarqandda yangilanadigan Imom Moturidiy majmuasining bir qismiga aylanadi.
Taqdimotda ma’lum qilinishicha, ishlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qarori asosida amalga oshirilmoqda. Majmua hududi va unga tutash tarixiy Chokardiza qabristonida yangi maqbara, zamonaviy masjid hamda ilmiy-ma’rifiy obyektlar barpo etilmoqda.
Shuningdek, arxeologik tadqiqotlar natijasida islom huquqshunosligi tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk alloma, «Hidoya» asari muallifi Burhoniddin Marg‘inoniy maqbarasi aniqlanib, u ham majmua tarkibida qayta tiklanmoqda.
Imom Moturidiy innovatsion muzeyi konsepsiyasi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan ilmiy materiallar asosida Turkiyaning Outdoor Factory kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Ekspozitsiyalarni zamonaviy dizayn yechimlari, raqamli texnologiyalar va interaktiv formatlardan foydalangan holda yaratish rejalashtirilgan.
Markazning yetakchi ilmiy xodimi Ixtiyor Abdurahmonovning ta’kidlashicha, ekspozitsiya islom aqidasi va kalom ilmining shakllanish tarixi, Imom Moturidiyning hayoti va ilmiy merosi, Movarounnahrdan butun islom olamiga moturidiylik ta’limotining tarqalishi, Chokardiza qabristoni tarixi, shuningdek, alloma merosini o‘rganish bo‘yicha zamonaviy tadqiqotlarga bag‘ishlanadi.
“Muzeyning asosiy maqsadi Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini zamonaviy texnologiyalar vositasida keng jamoatchilikka yetkazishdir. Barcha ekspozitsiyalar ishonchli tarixiy manbalarga tayanib yaratilmoqda. Interaktiv yechimlar orqali tashrif buyuruvchilar nafaqat eksponatlarni tomosha qiladi, balki allomaning hayoti, ilmiy maktabi va moturidiylik ta’limotining mazmun-mohiyatini chuqur anglash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu muzey kelgusida xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan yirik ilmiy-ma’rifiy va raqamli ziyorat markaziga aylanadi”, — dedi Ixtiyor Abdurahmonov.
Forum ishtirokchilarining fikricha, ushbu loyiha Imom Moturidiyning ilmiy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga, ziyorat turizmini rivojlantirishga hamda yosh avlodni ma’rifat va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



