Qozog‘iston klublari Konferensiyalar ligasi birinchi saralash bosqichida ishtirokini boshladi. «Astana» yevrokuboklar mavsumini Albaniyaning «Dinamo Siti» jamoasi ustidan mehmonda qozonilgan g‘alaba bilan boshladi, «Yelimay» esa Armanistonning «Alashkert» klubi bilan durang o‘ynadi.
Qozog‘iston poytaxti klubi mehmonda «Dinamo Siti»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Yagona golni uchrashuvning 69-daqiqasida Ramazan Karimov kiritdi. Birinchi bo‘limda jamoalar hisobni ocha olmadi. Tanaffusdan keyin esa «Astana» o‘z imkoniyatlaridan birini golga aylantirib, 16 iyul kuni Ostonada bo‘lib o‘tadigan javob uchrashuvi oldidan ustunlikka ega bo‘ldi.
Yevrokuboklarda ilk bor ishtirok etayotgan «Yelimay» Yerevanda g‘alabaga juda yaqin keldi, ammo uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida ustunligini saqlab qola olmadi. O‘yinning 60-daqiqasida Ivan Sviridovning uzatmasidan so‘ng Arsen Ashirbek Qozog‘iston jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq 86-daqiqada David Terteryan hisobni tenglashtirdi — 1:1. Javob uchrashuvi 16 iyul kuni Semey shahrida bo‘lib o‘tadi.
Ikkinchi saralash bosqichida «Dinamo Siti» — «Astana» juftligi g‘olibi Yevropa ligasi birinchi saralash bosqichidagi Moldovaning «Sherif» va Sloveniyaning «Alyuminiy» jamoalari o‘rtasidagi qarama-qarshilikda mag‘lub bo‘lgan jamoa bilan kuch sinashadi. «Yelimay» — «Alashkert» juftligi g‘olibi esa Ruminiyaning CHFR «Kluj» klubiga qarshi maydonga tushadi.
Yana bir qozog‘istonlik klub — «Tobol» Konferensiyalar ligasining birinchi saralash bosqichini o‘tkazib yuboradi va musobaqani to‘g‘ridan to‘g‘ri ikkinchi saralash bosqichidan boshlaydi. Qostanay jamoasining raqibi Litvaning «Panevejis» klubi bo‘ladi. Birinchi uchrashuv 23 iyul kuni Litvada, javob bahsi esa 30 iyul kuni Qozog‘istonda o‘tkaziladi.
Bundan bir kun avval Qozog‘iston uchun yevrokuboklar mavsumini «Qayrat» boshlab berdi. Olmaota jamoasi Chempionlar ligasi saralash bosqichidagi dastlabki uchrashuvda o‘z maydonida Chernogoriyaning «Suteska» klubini 2:1 hisobida mag‘lub etdi.



