«Meni Rossiyaga sotishsa kerak, deb o‘ylagandim». Husanov agenti Rossiya Premer-ligasi klublarining qiziqishlari haqida gapirib berdi

Abduqodir Husanov. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

O‘zbekiston terma jamoasi va Angliyaning «Manchester Siti» klubi himoyachisi Abduqodir Husanov Fransiyaning «Lans» klubiga o‘tishidan oldin faoliyatini Rossiyada davom ettirishi mumkin edi. Bu haqda uning agenti G‘ayrat Hasbiullin «Sport-Ekspress»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Biz Qodir bilan Toshkent — Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha ekonom klassda uchayotgan edik, keyinchalik u “Lans”da o‘ynashi uchun Fransiyaga yo‘l olishimiz lozim edi. Men undan: “O‘zingni top-5 ligada o‘ylash uchun ketayotgandek his qilyapsanmi?” deb so‘radim. U esa: “Rostini aytsam, meni Rossiyaga sotishadi deb o‘ylagandim”, — deya uning so‘zlarini keltirdi Hasbiullin.

Agentning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya klublari Husanovga nisbatan jiddiy qiziqish bildirgan va unga moliyaviy jihatdan manfaatliroq shartlarni taklif qilishgan. Jumladan, himoyachini «Sochi» klubi o‘z safiga taklif qilgan.

«Uning atrofida odamlar girdikapalak edi, ular: “Ikki yil “Sochi”da o‘ynaysan, keyin xohlagan joyingga ketaverasan”, deb ishontirishardi. Ammo bunday holatlar odatda nima bilan tugashini o‘zingiz ham yaxshi tushunasiz», — deydi Hasbiullin.

Futbolchiga Vladikavkazning «Alaniya» klubi ham qiziqish bildirgan. Biroq ,Husanov faoliyatining ilk kunlaridanoq Yevropada o‘ylashni maqsad qilgan va Rossiya chempionatini ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqmagan.

«U 17 yoshida Belarusga ketdi, hatto “Bunyodkor”ning dubl jamoasida hali o‘ynamagan ham edi. U boshidanoq Yevropani orzu qilgandi. O‘ylaymanki, o‘sha paytda uni Rossiya klublaridan biri istagan taqdirda ham, Qodir rad javobini bergan bo‘lardi», — dedi agent.

Hasbiullin, oldiga katta maqsadlar qo‘yayotgan o‘zbekistonlik yosh futbolchilar hozirda Yevropaga ketishga harakat qilashayotganini qo‘shimcha qiladi. Uning fikricha, Rossiya chempionatining jozibadorligi pasayishiga, jumladan, Rossiya futboli xalqaro miqyosda yakkalanib qolgani ham sabab bo‘lgan.

ℹ️ Abduqodir Husanov — Toshkentning «Bunyodkor» klubi tarbiyalanuvchisi. 2022 yilda u Belarusning «Energetik-BGU» jamoasiga o‘tgan. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining Osiyo kubogi va jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtirokidan so‘ng Husanovga Fransiyaning «Lans» klubi qiziqish bildiradi. 2023 yilda u Liga 1 chempionatiga yo‘l olgan. 2024 yil kuzidan boshlab u klubning asosiy himoyachisiga aylangan. 2025 yil yanvar oyida Husanov bonuslarni hisobga olganda 50 million yevro evaziga «Manchester Siti»ga o‘tdi. Bu transfer Markaziy Osiyo futboli tarixidagi eng qimmat transfer bo‘ldi.