Birinchi Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi dasturi e’lon qilindi

ITSM matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekistonda “Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumining dasturi e’lon qilindi. Tadbir 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Forum dasturi doirasida to‘rtta xalqaro konferensiya, o‘nta plenar yig‘ilish, 15 ta plenar sessiya hamda oltita tematik seksiyada ish olib borilishi rejalashtirilgan.

Forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ochiladi. Tantanali marosimning asosiy voqeasi sifatida mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik murojaati o‘qib eshittirilishi bo‘ladi.

Forumda 50 dan ortiq davlatdan kelgan 300 ga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Ular qatorida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, islomshunos olimlar, qo‘lyozma meros bo‘yicha mutaxassislar, muzey va kutubxona rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va OAV vakillari bor.

O‘z ishtirokini quyidagilar tasdiqlagan: ICESCO Bosh direktori Salim al-Malik, IRCICA Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, TYURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev va Xalqaro Turkiy akademiya prezidenti Shohin Mustafayev.

Forum doirasida islom sivilizatsiyasi tarixi, hadisshunoslik, kalom ilmi, qo‘lyozma meros, arxeologiya, muzeyshunoslik, madaniy merosni saqlash, raqamlashtirish hamda madaniy diplomatiya masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Forum dasturining alohida bo‘limi yangi ilmiy nashrlar taqdimotiga bag‘ishlanadi. Ular orasida xalqaro konferensiya materiallari va «Al-Jomi’ as-Sahih» — «Ummat kitobi» tezislar to‘plami, «Shavkat Mirziyoyev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi» fotoalbomi, shuningdek, Imom at-Termiziyning «Shamoili Muhammadiya» asarining rus tilidagi akademik nashri mavjud.

Ishtirokchilarga shuningdek yangi arxeologik kashfiyotlar, noyob qo‘lyozmalar, raqamli loyihalar hamda O‘zbekiston va xorijiy ilmiy-ta’lim markazlarining qo‘shma tashabbuslari taqdim etiladi.

Bundan tashqari, dastur doirasida hamkorlik yo‘l xaritalari muhokama qilinishi, shuningdek, memorandumlar va kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Forum doirasida Samarqandda Imom al-Buxoriyning «Al-Jomi’ as-Sahih» asariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkaziladi, shuningdek, Imom Moturidiyning bebaho merosiga bag‘ishlangan konferensiyada mo‘tadillik, diniy bag‘rikenglik, aql va naql uyg‘unligi kabi masalalar zamonaviy nuqtayi nazardan tahlil qilinadi.

Termizda esa Termiz hadisshunoslik maktabi va Imom at-Termiziyning jahon islom ilmiy an’anasiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Forum tashkilotchilari sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari qo‘mitasi, Imom Moturidiy, Imom al-Buxoriy va Imom at-Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda ICESCO qayd etilgan.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.