O‘zbekiston Gruziyaning Qora dengizdagi eng yirik portini qurish loyihasida ishtirok etish masalasini muhokama qildi

ISSV matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston Gruziya tomoni bilan Qora dengizdagi Gruziyaning eng yirik infratuzilma loyihasi hisoblangan chuqur suvli Anakliya porti qurilishida ishtirok etish imkoniyatini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligida Anakliya, Poti va Batumi portlari, shuningdek, Poti erkin industrial zonasida bo‘ldi. Tashrif 3–4 iyul kunlari prezident Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi doirasida amalga oshirildi.

Anakliyada O‘zbekiston tomonining Gruziyadagi eng yirik chuqur dengiz portini barpo etish loyihasida ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Qurilish yakunlangach, port barcha turdagi kemalarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, xalqaro transport yo‘nalishlarining muhim bo‘g‘iniga aylanadi, jumladan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston yo‘nalishi doirasida ham.

Poti va Batumida O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zbek yuklari uchun ombor va terminal infratuzilmasini joylashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Tashrif yakunlari bo‘yicha tomonlar tegishli kelishuvlarni tayyorlash va o‘zbek kompaniyalari ishtirokida konsorsium tuzishga kelishib oldi.

Ta’kidlash joiz, dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun Gruziyaning Qora dengiz sohilidagi portlari Yevropaga yuk yetkazib berishning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

ℹ️ Anakliya porti Qora dengiz sohilidagi Samegrelo–Zemo Svaneti mintaqasida joylashgan. Bu Gruziyadagi birinchi chuqur suvli port bo‘lib, barcha turdagi kemalarni qabul qilish imkoniyatiga ega. Anakliya ko‘rfazining chuqurligi 20 metrga yetadi, bu esa amaldagi Batumi (14 metr) va Poti (8,5 metr) portlariga nisbatan ancha chuqur hisoblanadi. Loyihani amalga oshirish uchun xususiy investorni tanlash bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda China Communications Construction Company va China Harbour Investment ishtirokidagi Xitoy–Singapur konsorsiumi g‘olib bo‘lgan.

Qurilish ishlari 2024 yil sentyabr oyida boshlangan. Dengiz infratuzilmasini Belgiyaning Jan De Nul kompaniyasi barpo etmoqda. Qiymati taxminan 600 million AQSH dollariga teng bo‘lgan birinchi bosqichni 2029 yildan kechiktirmay yakunlash rejalashtirilgan. Birinchi navbat ishga tushirilgach, portning quvvati yiliga 600 mingdan ortiq konteynerni qabul qilish imkonini beradi.