Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Eronning sobiq oliy rahbari oyatulloh Ali Xomaneiy bilan rasmiy vidolashuv marosimida ishtirok etadi. Bu haqda mojnews nashri Dushanbedagi Eron elchisi Alizo Haqiqiyonga tayanib xabar berdi.
«Tojikiston prezidentining ushbu marosimda ishtirok etishi mamlakat rahbariyati halok bo‘lgan Islom inqilobi rahbarining maqomi va shaxsiga yuksak hurmat bilan qarashini, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi yaqin munosabatlarni namoyon etadi», — deya Haqiqiyonning so‘zlarini keltiradi nashr.
Eron tashkiliy qo‘mitasi dastlab 30 dan ortiq davlatning rasmiy vakillari marosimga kelishga tayyorligini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik kutilayotgan mamlakatlar soni taxminan 40 taga yetkazildi. Shuningdek, Eron rasmiylari 90 dan ortiq davlatdan diniy, siyosiy va jamoat arboblari ham ishtirok etishini bildirmoqda. Xorijiy delegatsiyalarning to‘liq ro‘yxati hozircha e’lon qilinmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Eronga Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligida alohida delegatsiya yuboradi. Rossiya nomidan motam marosimlarida Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ishtirok etadi. Rossiya delegatsiyasi tarkibiga, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi vakillari, Rus pravoslav cherkovi vakillari, sunniy muftiylar hamda shi’a ulamolari ham kiradi.
Pokiston delegatsiyasiga Bosh vazir Shahboz Sharif boshchilik qiladi. Xitoy tomonidan Butunxitoy xalq vakillari yig‘ini Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Xe Vey yuboriladi. Hindistonni esa Tashqi ishlar bo‘yicha davlat vaziri Pabitra Margerita va Bixar shtati gubernatori Sayed Ata Hasnayn taqdim etadi.
Ayni paytda Eron rahbariyati mamlakat aholisini xayrlashuv marosimida ommaviy ishtirok etishga chaqirmoqda. Parlament raisi Muhammad Boqir G‘olibof eronliklar «to‘kilgan qon uchun qasos talab qilayotgan xalq ovozini butun dunyoga yetkazishi» va mamlakat «o‘z imomining qonini hech qachon unutmasligi»ni namoyon etishi lozimligini ta’kidladi. Bayonotning asl matnida «xunhaqi» atamasi qo‘llanilgan.
Tashkiliy qo‘mita vakili Muhammad Rizo Mirtojiddiniy ham oyatullohning halok bo‘lishida aybdorlarni qon uchun qasos asosida javobgarlikka tortish hamda ularga nisbatan mamlakat ichida va xalqaro darajada sud ta’qibini yo‘lga qo‘yishni motam tadbirlarining asosiy maqsadlaridan biri sifatida qayd etadi.
Ommaviy xayrlashuv marosimi 4 iyul kuni Tehrondagi «Musalla» majmuasida boshlanadi va u yer sutka davomida ochiq bo‘lib turishi rejalashtirilgan. Janoza namozi 5 iyul kuni o‘qiladi, 6 iyul kuni esa Tehron ko‘chalarida motam yurishi bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng Xomaneiyning jasadi Qum shahriga olib boriladi va u yerdagi marosim 7 iyul kuniga belgilangan. 8 iyul kuni tadbirlar Iroqning Najaf va Karbalo shaharlarida davom etadi. Dafn marosimi 9 iyul kuni Xomaneiyning tug‘ilgan shahri Mashhaddagi Imom Rizo maqbarasida o‘tkaziladi.
Ali Xomaneiy 28 fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalari oqibatida halok bo‘lgan. Dastlab uni mart oyida dafn etish rejalashtirilgan edi, ammo jangovar harakatlar davom etayotgani sababli marosimlar keyinga qoldirildi. Xomaneiy 1989 yildan buyon Eronga rahbarlik qilib kelgandi, uning vorisi etib o‘g‘li Mujtabo Xomaneiy tayinlandi.



