Royal Jordanian aviakompaniyasi Ammon — Toshkent — Ammon yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Iordaniya milliy aviatashuvchisining ilk samolyoti 1 iyul kuni O‘zbekiston poytaxtiga qo‘ndi. Bu haqda Uzbekistan Airports korxonasi o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, endi ikki davlat poytaxtlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar haftasiga ikki marta — chorshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
Uzbekistan Airports ma’lumotiga ko‘ra, an’anaga muvofiq, muntazam reyslar turkumidagi birinchi parvozni amalga oshirgan havo kemasi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida suv arkasi bilan kutib olindi, ekipaj a’zolariga esa gullar taqdim etildi.
«Biz Toshkent va Ammon o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilganidan mamnunmiz. Bu O‘zbekiston va Markaziy Osiyo aholisini Iordaniyaning betakror diqqatga sazovor joylariga — qadimiy Petra shahri, O‘lik dengiz, Vodiy Ram sahrosi hamda boshqa noyob maskanlarga yanada yaqinlashtiradi. Yangi yo‘nalish Iordaniyaga kirish turizmini rivojlantirishga qaratilgan ExploRJordan dasturining bir qismi hisoblanadi», — dedi Royal Jordanian kompaniyasining tijorat direktori Karim Maxluf.
Uzbekistan Airports matbuot xizmati esa to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi nafaqat ikki mamlakat o‘rtasida qulay safar qilish imkoniyatini yaratishi, balki turizm, ishbilarmonlik aloqalari va madaniy almashinuvni rivojlantirish uchun qo‘shimcha istiqbollarni ham ochishini ta’kidladi.
Shuningdek, Iordaniyadan keluvchi yo‘lovchilar ham O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga qulay yetib kelish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu ularga nafaqat Toshkent, balki respublikaning Samarqand, Buxoro va Xiva kabi mashhur sayyohlik markazlarini ham ziyorat qilib, mahalliy diqqatga sazovor joylar bilan tanishish imkonini beradi.
Aviachiptalarni sotuvchi agregatorlar ma’lumotlariga ko‘ra, kelasi yakshanba kuniga rejalashtirilgan Toshkent — Ammon yo‘nalishi bo‘yicha bir tomonlama aviachipta narxi 650 AQSH dollaridan biroz yuqorini tashkil etadi.
ℹ️ Royal Jordanian — Iordaniyaning milliy aviatashuvchisi bo‘lib, uning asosiy bazasi Ammon shahridagi Qirolicha Aliya nomidagi xalqaro aeroportda joylashgan. Kompaniya aviaparki zamonaviy Airbus, Boeing va Embraer samolyotlaridan iborat bo‘lib, ular orqali 40 dan ortiq yo‘nalishga parvozlar amalga oshiriladi. Xususan, aviakompaniya Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo, Afrika va Shimoliy Amerika mamlakatlariga muntazam reyslarni bajaradi.



