Qirg‘izistonlik hujumchi Joel Kojo Namanganning «Navbahor» jamoasi futbolchisiga aylandi. Bu haqda klub matbuot xizmati o‘z ijtimoiy tarmoqlarida ma’lum qildi.
Shartnoma shartlari oshkor etilmagan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchi hali ham Eronning «Esteglol» klubi a’zosi sifatida qayd etilgan bo‘lib, Kojo bilan tuzilgan shartnoma 2028 yilgacha amal qiladi.
Eslatib o‘tish joiz, o‘tgan mavsumda Kojo O‘zbekistonning boshqa klubi — Farg‘onaning «Neftchi» jamoasida ijara asosida o‘ynagan. Kuzda u jiddiy jarohat olgan va shu paytdan beri maydonga chiqmagandi.
Kojoning transferi Eron chempionatida legionerlar limiti o‘zgarishi haqidagi xabarlar fonida amalga oshdi. Iran Focus ma’lumotlariga ko‘ra, kelasi mavsumdan boshlab xorijlik futbolchilar kvotasi 7+1 formuladan har bir klub uchun to‘rt nafar legionergacha qisqartirish bo‘yicha qaror qabul qilingan.
«Navbahor» joriy mavsumda 11 turdan so‘ng 20 ochko to‘plab, turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinda va O‘zbekiston Superligasi medallari uchun kurash olib bormoqda.
ℹ️ Joel Kojo — Ganada tug‘ilgan futbolchi. 2017 yilda Qirg‘izistonga ko‘chib o‘tgan. «Olay» va «Dordoy» klublarida o‘ynab, chempionatning eng yaxshi to‘purarlaridan biri bo‘lgan. Qirg‘iziston fuqarosiga turmushga chiqqan va mamlakat fuqaroligini olgan. 2023 yilda sport fuqaroligini o‘zgartirib, Qirg‘iziston terma jamoasiga chaqirilgan. Shu yili Samarqandning «Dinamo» klubiga o‘tib, jamoaga Superligaga qayta chiqishda yordam bergan.
Keyingi mavsumda O‘zbekiston Superligasining eng yaxshi o‘yinchilaridan biriga aylanib, ramziy terma jamoa tarkibiga kirgan. 2025 yilda Eronning «Esteglol» klubiga o‘tgan, ammo u yerda o‘zini mustahkamlay olmagani sababli «Neftchi»ga ijaraga berilgan. Qirg‘iziston terma jamoasi tarkibida 29 o‘yin o‘tkazib, 10 ta gol urgan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, u Qirg‘izistonning eng qimmat futbolchisi hisoblanadi — 600 ming yevro.



