Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ijrochi direktor o‘rinbosari Bo Li O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, deb xabar beradi Markaz matbuot xizmati.
Tashrif Jahon banki va XVJ delegatsiyalarining Toshkentga amalga oshirgan safarlari doirasida bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiya Markazning ekspozitsiya bo‘limlari bilan tanishar ekan, Markazning nafaqat 3 ming yillik tarixni o‘zida mujassam etgan muzey, balki xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi o‘rni, xorijiy universitetlar va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalari, madaniy merosni saqlash, raqamlashtirish va uni kelajak avlodga yetkazishga qaratilgan istiqbolli loyihalar bilan tanishdilar.
Tashrif davomida Markazning xorijiy universitetlar va ilmiy muassasalar bilan hamkorligiga, shuningdek madaniy merosni saqlash, raqamlashtirish va ommalashtirishga qaratilgan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Antonella Bassani Markazga yana bir bor tashrif buyurish istagini bildirdi.
«Bu yerda tarixni shunchaki tomosha qilmaysiz, balki uni his qilasiz. Bu yerga tashrif buyurishni uzoq vaqtdan beri orzu qilardim va bugun bu ushalganidan juda mamnunman. Markazdagi har bir ekspozitsiya, har bir eksponat O‘zbekistonning boy tarixi va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida hikoya qiladi. Ayniqsa, tarixiy qo‘lyozmalar va nodir eksponatlar menda chuqur taassurot qoldirdi. Men ushbu Markazga yana qaytib kelishni istardim», – dedi u.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



