Sobiq ikki vazn toifasida jahonning mutlaq chempioni amerikalik Evander Xolifild Qirg‘izistonda o‘zining boks akademiyasini ochish niyatida. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Xolifild maxsus mehmon sifatida Bishkekda 3 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan boks oqshomiga tashrif buyuradi. Mashhur sportchi Qirg‘izistonni boy boks an’analariga ega, kuchli sportchilar yetishib chiqadigan va professional sportni rivojlantirish salohiyati yuqori bo‘lgan mamlakat sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Rejaga ko‘ra, akademiya yosh bokschilarni tayyorlash, murabbiylar maktabini rivojlantirish hamda yetakchi xorijiy mutaxassislar bilan tajriba almashish bilan shug‘ullanadi.
Evander Xolifildning Qirg‘izistonga tashrifi doirasida sobiq jahon chempioni haqida hujjatli filmni suratga olish ham rejalashtirilgan. Filmning ayrim sahnalari Issiqko‘l sohillarida tasvirga olinadi.
Xalqaro professional boks oqshomi 2026 yil 3 iyul kuni «Jashtik Arena»da bo‘lib o‘tadi. Turnirda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Rossiya, Tailand va Kubadan kelgan sportchilar ishtirok etadi. Tomoshabinlarni sakkizta professional jang, jumladan, ikki titulli bahs kutmoqda.
Oqshomning asosiy janglaridan birida qirg‘izistonlik Iqtiyar Nishanov rossiyalik bokschi Mixail Tarxanovga qarshi ringga chiqadi. G‘olibga Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi raisi maxsus kamari topshiriladi.
Ikkinchi titulli jangda WBC Asian Boxing Council Continental va WBA Asia chempioni Akjol Sulaymanbek uulu Tailandning WBA Asia chempioni Payom Kampiga qarshi bahs olib boradi. Bokschilar Qirg‘iziston Professional boks ligasi chempionlik kamari uchun kurash olib boradilar.
Xolifilddan tashqari, boks oqshomining faxriy mehmonlari orasida Olimpiya chempioni, WBA versiyasi bo‘yicha sobiq jahon chempioni rossiyalik Aleksandr Povetkin, Olimpiya chempioni o‘zbekistonlik Muhammadqodir Abdullayev hamda Olimpiya o‘yinlarining bronza sovrindori, WBA va WBO xalqaro kamarlari sohibi qozog‘istonlik Qanat Islom ham bo‘ladi.
Evander Xolifild XX asr oxiridagi jahon boksining eng yorqin namoyandalaridan biri hisoblanadi. U birinchi og‘ir va og‘ir vazn toifalarida mutlaq jahon chempioni bo‘lgan, 1984 yil Los-Anjeles Olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgan, shuningdek, og‘ir vazn toifasida to‘rt karra jahon chempioni sifatida tarixga kirgan.
Uning faoliyatida Mayk Taysonga qarshi janglar alohida o‘rin tutadi. Bu bahslar 1990-yillardagi eng mashhur boks to‘qnashuvlaridan biri sifatida sport tarixidan joy olgan.
So‘nggi yillarda Qirg‘iziston boksda tobora o‘zini yaqqolroq namoyon etmoqda. Zamonaviy boksning eng mashhur vakillaridan biri Dmitriy Bivol To‘qmoq shahrida tug‘ilgan va boks bilan aynan Qirg‘izistonda shug‘ullana boshlagan. 2023 yilda Munarbek Seyitbek uulu Toshkentda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritib, mustaqil Qirg‘iziston tarixida mamlakatga ushbu musobaqadagi ilk medalni taqdim etdi. Oradan bir yil o‘tib, u Parij Olimpiya o‘yinlari finaligacha yetib bordi va kumush medal sohibi bo‘ldi.



