Qozog‘iston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Islom Chesnokov Shotlandiyaning «Xarts» klubidan Qostanayning «Tobil» jamoasiga qaytish arafasida. «Seriy CARDINAL» Telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar 2,5 yillik shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Chesnokov 2026 yilgi mavsumning ikkinchi yarmida Qozog‘iston chempionati hamda Konferensiyalar ligasi saralash bosqichida «Tobil»ga yordam berishi kutilmoqda. Qostanay klubi o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra yevrokuboklarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.
Futbolchi uchun «Aqto‘be» va «Ordabasi» klublari ham kurash olib borgan. Biroq manba ma’lumotiga ko‘ra, Chesnokov o‘zining sobiq jamoasiga qaytishga qaror qilgan. Avvalroq Shotlandiya ommaviy axborot vositalari qozog‘istonlik futbolchi Edinburgdagi faoliyatining birinchi yarim yilligidan so‘ng «Xarts»ni tark etishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.
Islom Chesnokov 2026 yil yanvar oyida Qostanayning «Tobil» klubi bilan shartnomasi yakunlanganidan so‘ng «Xarts» jamoasiga o‘tgan edi. Shotlandiya klubi bilan tuzilgan shartnoma 2028 yil yozigacha mo‘ljallangan. Qozog‘istonlik futbolchi Britaniya futbolida Markaziy Osiyoning eng ko‘zga ko‘ringan legionerlaridan biriga aylangan bo‘lsa-da, «Xarts»ning asosiy tarkibidan mustahkam o‘rin egallay olmadi.
Shu bilan birga, yakunlangan mavsumda «Xarts» Shotlandiya chempionatining kumush medali sohibi bo‘ldi. Jamoa so‘nggi turgacha chempionlik uchun kurashdi, ammo hal qiluvchi uchrashuvda «Seltik»ka mag‘lub bo‘ldi. Natijada «Seltik» ikki ochko ustunlik bilan birinchi o‘rinni egalladi. Chesnokov klub safida 11 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urdi.
Islom Chesnokov Ust-Kamenogorskning «Oltoy» futbol akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2021 yilda Belarusning «Belshina» klubiga o‘tgan, 2023 yildan esa «Tobil» safida to‘p surgan. Ushbu jamoa tarkibida barcha musobaqalarda 92 ta o‘yinda qatnashib, 30 ta gol urgan va 17 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Qozog‘iston milliy terma jamoasi safida esa 24 ta o‘yin o‘tkazib, ikki bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan.



