Vengriyaning sobiq prezidenti Novak Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Katalin Novak. ITSM matbuot xizmati fotosurati

Vengriyaning sobiq prezidenti Katalin Novak Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar qildi.

Katalin Novak Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF)da ishtirok etish munosabati bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Tashrif davomida Vengriyaning sobiq prezidenti Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi bilan tanishdi.

«Islom madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan bunday go‘zal muzeyni yaratish g‘oyasini yuksak qadrlayman. Chunki bir-birimizning madaniyatimizni o‘rganishimiz, tarixiy ildizlarimizni anglashimiz juda muhim deb hisoblayman. Men O‘zbekiston tarixini chin dildan o‘rganishni istardim va ushbu Markaz menda juda katta taassurot qoldirdi»,-dedi Novak.

Vengriya sobiq prezidentining ta’kidlashicha, uning uchun tarixiy jarayonlar bilan Markaziy Osiyo nuqtayi nazaridan tanishish ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.

«Men Vengriyadan kelganman. Biz tarixga, hatto jahon tarixiga ham ancha boshqacha yondashuv orqali qaraymiz. O‘zim nasroniyman, shu bois tarixiy jarayonlar va ilm-fan rivojiga oid mavzularni ham nasroniylik nuqtayi nazaridan o‘rganganman. Bu yerda esa Markaziy Osiyo nuqtayi nazarini his qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bu men uchun chindan ham juda qiziqarli va ta’sirli tajriba bo‘ldi», — dedi Novak.

Uning fikricha, mazkur Markaz turli yoshdagi tashrif buyuruvchilar uchun qiziqarli bo‘ladi. Sun’iy intellekt va interaktiv namoyish vositalari kabi zamonaviy texnologiyalar O‘zbekiston xalqi tarixi hamda ildizlarini yanada chuqurroq anglashga yordam beradi.

“Qadimgi davrlar haqida o‘qish mumkin, ammo ularni ko‘z bilan ko‘rish insonga bu tarixni yaxshiroq anglash, tasavvur qilish va his etish imkonini beradi”, -dedi Vengriyaning sobiq prezidenti.

Katalin Novak 2022–2024 yillarda Vengriya prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Lavozimini tark etgach, u xalqaro jamoatchilik tashabbuslari, jumladan demografiya va oila siyosati masalalariga qaratilgan faoliyat bilan shug‘ullanmoqda.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.