O‘zbek ayolining o‘ldirilishi ortidan Istanbul va Anqarada femitsidga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi

Istanbuldagi aktsiya. Turkish minute sayti fotosurati

Istanbul va Anqarada 37 yoshli o‘zbek ayolining boshi kesilgan jasadi axlat qutisidan topilganidan keyin norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda 25 yanvarь kuni Turkish minute nashri xabar berdi.

Ayolning boshsiz va oyoqsiz jasadi 24 yanvarь kuni kechqurun Istanbulning Yevropa qismidagi Shishli tumanida makulatura yig‘uvchi odam tomonidan topilgan. Jasad qoldiqlari choyshabga o‘ralgan va axlat qutisiga tashlangan. Jabrlanuvchining boshi va oyoqlari topilmagan. Tergovchilar videokuzatuv kameralari tasvirlarini ko‘rib chiqayotganda, ikki kishi chamadonni boshqa axlat qutisiga tashlayotganini kuzatganlar. Chamadon ichidagi narsalar hali aniqlanmagan.

Tergovchilar jabrlanuvchi Istanbulda yashab, ishlagan, ov anjomlari do‘koniga egalik qilgan 37 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimova ekanini aniqlaganlar.

Politsiya uch nafar gumonlanuvchini hibsga olgan. O‘zbekiston fuqarolari deb tanilgan ikki gumonlanuvchi Istanbul aeroportida mamlakatdan chiqib ketishga urinayotganda qo‘lga olingan. Uchinchi gumondor, Turkiya fuqarosi, keyinchalik hibsga olingan.

OAV hibsga olinganlarning ismlarini oshkor qiladi: 31 yoshli Dilshod Turdimurotov, 29 yoshli G‘ofurjon Kamolxo‘jayev va 58 yoshli Ekrem K.

Qotillikda gumonlanuvchi shaxslar Istanbul politsiyasida. Turkiye Daily sayti fotosurati

Turdimurotov politsiyaga Xakimova bilan munosabatda bo‘lganini va janjal paytida uni o‘ldirganini aytgan.

«Men uni pichoqladim. Keyinroq do‘stim bilan jasadni bo‘laklarga bo‘lib tashladik, tana qismlarini paketlarga solib, chamadonga soldik. Biz Shishliga taksida bordik va tana bo‘laklarini turli axlat qutilariga tashladik», — deya jinoyatchi so‘zlarini keltiradi Turkiye Today.

Qotillik Istanbul va Anqarada ommaviy norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Istanbulda mingdan ortiq odam Shishli tumanidagi «Osmanbey» metro bekati yonida to‘plandi. Namoyishchilar «Erkaklar zo‘ravonligini to‘xtating», «Biz o‘ldirilgan ayollar uchun adolat talab qilamiz» va «Migrant ayollar yolg‘iz emas» degan talablar qo‘yilgan plakatlarni ko‘tarib yurishgan. «Ayollar endi jim bo‘lmaydi» shiori bilangan namoyishchilar jasad topilgan joyga yurish qilgan.

Anqarada «Biz femitsidlarni (jinsiy adovatga asoslangan jinoyat, qotillik -tarj.izohi) to‘xtatamiz» platformasi tomonidan tashkil etilgan norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi va unda jinoyatchilar javobgarlikka tortilishi talab qilingan.

«Jinoyatchilar o‘zlariga hech narsa bo‘lmasligiga shunchalik ishonishganki, o‘ldirilgan ayol jasadini ko‘rinadigan joyga konteynerda qoldirib ketishgan», — deydi platforma vakili Ishil Kurt.

«Biz femitsidlarni to‘xtatamiz» platformasiga ko‘ra, 2025 yili Turkiyada 294 ayol erkaklar tomonidan o‘ldirilgan. Yana 297 ayol shubhali sharoitlarda o‘lik holda topilgan. Turkiyada ayollar o‘ldirilganiga oid umummilliy statistika rasman e'lon qilinmaydi, shuning uchun ayollar tashkilotlari bunga oid voqealarni ommaviy axborot vositalari xabarlariga asoslanib kuzatib boradi.

Hibsda bo‘lgan Shishli tumani hokimi Rasul Emrah Shahan femitsidlarni «jiddiy ijtimoiy muammo» deb atadi.

«Femitsidlar jazosizlik, beparvolik va sukut tufayli tobora keng tarqalgan qirg‘inga aylanib bormoqda», — deb yozadi Shahan X ijtimoiy tarmoq saytida. U ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish uchun muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rishga chaqiradi.