Rostov viloyati Federal xavfsizlik xizmati boshqarmasi (FXXB) qamoqxonada uch nafar o‘zbekistonlik mahkum tomonidan rejalashtirilgan teraktning oldi olinganini ma’lum qildi, deb xabar beradi RIA Novosti.
FXXB ma’lumotlariga ko‘ra, gumondorlar Rossiya va bir qator mamlakatlarda taqiqlangan «Islom davlati» (ID ISHID) terrorchi tashkiloti tarafdorlari bo‘lgan. Uchalasi ham og‘ir jinoyatlar sodir etgani uchun jazo o‘tamoqda. Ulardan biri qotillik, ikkinchisi giyohvand moddalar savdosi va uchinchisi qasddan og‘ir tan jarohati yetkazishda ayblangan.
Gumondorlar qamoqxona xodimlarini garovga olib, qamoqxona binolariga o‘t qo‘yishni rejalashtirishgan. Ular batafsil harakatlar rejasini ishlab chiqishgan, ammo uni amalga oshira olmaganlar. Tintuv paytida ulardan «charxlangan pichoqlar» va taxminga ko‘ra terrorchi tashkilot bayrog‘i tasviri tushirilgan mato parchalari topilgan.
Teraktga urinish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
▶️ O‘tgan yili yozda Volgograd viloyatidagi jazoni ijro etish koloniyasida to‘rt nafar mahbus qamoqxona xodimlarini garovga olishga muvaffaq bo‘lgan. Pichoq va bolg‘a bilan qurollangan mahbuslar qamoqxona boshlig‘i, uning o‘rinbosari va boshqa bir nechta xodimlarga hujum qilishgan. Natijada to‘rt nafar qamoqxona xodimi halok bo‘lgan, yana bir nechta xavfsizlik xodimlari va mahbuslar yaralangan.
Jinoyatchilar O‘zbekiston va Tojikistonda tug‘ilgan va ISHID tarafdorlari bo‘lgan. Garovga olinganlarni ozod qilish uchun ular 2 million dollar, vertolyot va havo yo‘lagini talab qilishgan. Rosgvardiya maxsus kuchlarining hujumidan so‘ng, garovga olinganlar ozod qilingan, ammo qo‘zg‘alon qo‘targan mahbuslar o‘ldirilgan.



