Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini yangiladi va unga O‘zbekistondan to‘rtta va Qirg‘izistondan bitta kompaniyani kiritdi. Ushbu subyektlar Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikda gumon qilinmoqda va shuning uchun 18 dekabrdan boshlab London ularga aktivlarni muzlatishdan tashqari moliyaviy cheklovlarni ham qo‘llaydi, deyiladi Buyuk Britaniya G‘aznachilik hujjatlarida.
Sanksiyalar ro‘yxatiga O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan qo‘yidagi kompaniyalar kiritildi:
✅ Farg‘ona kimyo zavodi;
✅ Gelion Business Trade MCHJ (Toshkent);
✅ Chemistry International qo‘shma korxonasi MCHJ (Navoiy);
✅ Raw Materials Cellulose MCHJ (Jizzax).
Britaniya rasmiylariga ko‘ra, ushbu tashkilotlarning barchasi Rossiyaning Ukrainada o‘tkazayotgan maxsus harbiy operatsiyada foydalanilayotgan tovarlar yoki texnologiyalarni qandaydir tarzda Rossiyaga yetkazib berishda gumon qilinmoqda. Qo‘shimcha ma’lumotlar berilmagan.
Yangilangan ro‘yxatga Bishkekda ro‘yxatdan o‘tgan «Kifiko» kompaniyasi kiritilgan. London ushbu MCHJni Rossiya hukumati uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan moliya sektorida biznes yuritish orqali Rossiya hukumatini qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi. Ro‘yxatda «Kifiko» kompaniyasining ilgari nafaqat Buyuk Britaniya, balki AQSH va Yevropa Ittifoqi tomonidan ham sanksiyalar qo‘llanilgan A7 kompaniyasi bilan bog‘liqligi haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari kompaniyalaridan tashqari, yangilangan sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya va Birlashgan Arab Amirliklari tashkilotlari ham kiritilgan.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslarga nisbatan ham sanksiyalar qo‘llanilgan. Ushbu ro‘yxatga Buyuk Britaniya Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston, Isroil va Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan biznesmen Rustam Mo‘minov kiritilgan. Ukraina ilgari mazkur biznesmenga chkarshi yeklovlar qo‘llagandi. O‘shanda Mo‘minov Farg‘ona kimyo zavodiga egalik qiluvchi kompaniyaning asoschisi ekani aniqlangan edi.



