AQSH hukumati Braun universitetidagi otishmadan so‘ng Green Card dasturi — immigratsiya lotereyasini (DV1) to‘xtatishga qaror qilishdi. Bu haqda AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ma’lum qildi.
Bunday qarorga 14 dekabr kuni Braun universitetida otishma sodir etgan shaxs sabab bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, Klaudio Manuel Neves Valente 2017 yili viza lotereyasi orqali mamlakatga kirib kelgan va keyinchalik doimiy rezident maqomini (grin-karta) olgan. Universitetdagi otishma ikki kishining o‘limiga sabab bo‘ldi, ulardan biri o‘zbekistonlik talaba Muhammadaziz Umurzoqov bo‘lgan.
«Prezident Trampning ko‘rsatmasiga asosan men darhol USCISga (AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmatlari – «Farg‘ona» izohi) DV1 dasturini to‘xtatib qo‘yishni buyuraman, toki birorta amerikalik bu halokatli dasturdan zarar ko‘rmasin», — dedi Noem.
Uning eslatishicha, Tramp birinchi muddati davomida Nyu-York shahrida o‘zbekistonlik immigrant tomonidan sodir etilgan terroristik hujumdan so‘ng Green Card lotereyasini to‘xtatishni xohlagan. Gap shundaki, Sayfullo Soipov 2017 yil 31 oktabr kuni Nyu-York shahrining Gudzon daryosi bo‘yidagi maxsus velosiped yo‘lagida pikapni yuqori tezlikda boshqarib, yo‘lidagi barcha odamlarni bosib o‘tgan. Sakkiz kishi halok bo‘lgandi va o‘ndan ortiq kishi jarohat olgandi. Sud Soipovni ketma-ket sakkizta umrbod qamoq jazosi, yana ikkitasiga bir vaqtning o‘zida va 260 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilgandi.
ℹ️ Green Card lotereyasi AQSH Davlat departamenti tomonidan 1990 yildan yo‘lga qo‘yilgan va har yili o‘yin o‘tkaziladi. Dunyo bo‘ylab barcha mamlakatlar fuqarolari ishtirok etish huquqiga ega, faqat oldingi besh yil ichida 50 000 dan ortiq fuqarolari Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tgan mamlakatlar bundan mustasno. Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi lotereyada faol ishtirok etib, ishtirokchilar va g‘oliblar soni bo‘yicha sezilarli natijalarni ko‘rsatgan. O‘zbekiston bu borada nafaqat mintaqada, balki global miqyosda ham yetakchilardan biri hisoblanadi. Jumladan, 2025 yil may oyida e’lon qilingan o‘yin natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 5564 nafar tanlangan g‘olib bilan mamlakatlar ro‘yxatida yetakchilik qildi. Bu ko‘rsatkich Jazoir (5526) va Rossiya (5519) kabi eng yaqin raqobatchilaridan ham yuqori.
Joriy yilning sentyabr oyida AQSH hukumati lotereyada ishtirok etish uchun 1 dollarlik to‘lovni joriy qildi. To‘plangan mablag‘lar ishtirokchilar ma’lumotlarini qayta ishlash va himoya qilish, g‘oliblarni avtomatik ravishda tanlash va dasturning texnik infratuzilmasi yillik xarajatlarini qoplash uchun sarflanadi.
Odatda, arizalar oktyabr oyida to‘planardi, ammo bu yil potensial ishtirokchilar dasturning ishga tushirilishidan bebahra bo‘lishdi.



