Olmaotaning «Qayrat» futbol klubi UEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichi 3-turida o‘z maydonida Kiprning «Pafos» klubi bilan durang o‘ynadi va musobaqadagi ilk ochkosini qo‘lga kiritdi.
«Qayrat» Ispaniyaning «Real» va Portugaliyaning «Sporting» klublariga ikkita og‘ir mag‘lubiyatdan so‘ng, kiprliklarga qarshi o‘yinga nol ochko bilan kirdi. «Pafos» Gretsiyaning «Olimpiakos»iga qarshi o‘yinda bir ochkoga ega bo‘lgandi.
Uchrashuv oldidan ekspertlar yaqqol favoritni bashorat qilmagan, garchi ular mehmonlarga biroz ustunlik bergan bo‘lsalar-da, ammo bu ustunlik tezda barham topdi. To‘rtinchi daqiqada «Pafos» himoyachisi Joau Korreyya «Qayrat» futbolchisi Luishu Matening yuziga tepgani uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka oldi. Bu Chempionlar ligasi tarixidagi eng tez qizil kartochka bo‘ldi.
Biroq, «Qayrat» o‘zining son ustunligidan foydalana olmadi. Qolaversa, kiprliklar tezlikni pasaytirishmadi va ishtiyoq bilan hujum qilishdi, muntazam ravishda xavfli daqiqalarni yuzaga keltirishdi. SofaScore portali tomonidan o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan darvozabon Temirlan Anarbekov qozog‘istonliklarni bir necha bor qutqarib qoldi. Ana shunday lahzalardan birida zarba darvoza to‘siniga tegishi bilan yakunlandi: to‘p darvozabon orqasidan qaytdi, biroq hakam golni hisobga olmadi. Mezbonlar ham tek o‘tirishgani yo‘q: ular bir nechta golli vaziyatlar yaratib, darvoza to‘siniga zarba berishdi, ammo hisob ochilmadi.


