16 oktyabr kuni Qozog‘iston chempionatining Birinchi liga (ikkinchi kuchli divizion) 25-turi doirasidagi o‘yindan so‘ng Olmaotaning «Xan-Tengri» klubining 19 yoshli hujumchisi Dias Toleu vafot etdi. Bu haqda Qozog‘iston futbol federatsiyasi rasmiy sayti xabar berdi.
Fojia Olmaotada «Ekibastuz»ga qarshi kechgan va mezbonlar foydasiga 4:0 hisobida yakunlangan o‘yin vaqtida yuz berdi. 62-daqiqada futbolchi o‘zini yomon his qilgan va maydonda o‘tirgan va jamoadoshidan oyoqlarini uqalab qo‘yishini so‘ragan. Tez orada uning ahvoli yomonlashgan, maydonda yotib qolgan, so‘ng uni zambilda olib ketishdan. Keyinroq Toleu vafot etgani tasdiqlangan. O‘lim sabablari ma’lum qilinmagan.
Qozog‘iston futbol federatsiyasi tekshiruv o‘tkazishini ma’lum qildi.
«Bosh kotib Devid Loriya va Professional klublar o‘rtasidagi musobaqalar bo‘yicha direksiya rahbari Baxitjan Pazilxair zudlik bilan voqeaning barcha holatlariga oydinlik kiritish uchun Olmaotaga uchib ketishdi» — deyiladi xabarda.
Toleu Qozog‘istonda so‘nggi bir oy ichida vafot etgan uchinchi futbolchi bo‘ldi. Avvalroq, 23 sentyabr kuni 19 yoshli «Jenis» futbolchisi Viktoriya Kaysarinova avtohalokatda, 12 oktyabr kuni esa «Akto‘be»ning 16 yoshli futbolchisi Aron Musa is gazidan zaharlanib vafot etgandi.
Olmaotadagi «Qayrat» yoshlar akademiyasida tarbiya olgan Dias Toleu 2024/2025 yilgi mavsumda «Xan-Tengri»ga erkin agent sifatida kelib qo‘shilgan. U joriy mavsumda 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urgan va 4 ta golli uzatmani amalga oshirgan.


