Qirg‘izistonda sobiq Sog‘liqni saqlash vaziri va MXDQ raisining sobiq o‘rinbosari korrupsiya ishi bo‘yicha hibsga olindi

Qurvanbek Avazov va Qanibek Dosmambetov. aki.kg sayti fotosurati

Qirg‘izistonning sobiq Sog‘liqni saqlash vaziri Qanibek Dosmambetov va respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining sobiq o‘rinbosari Qurvanbek Avazov korrupsiyaga oid ishlar doirasida Bishkekdagi 1-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirildi. Bu haqda «AKIpress» nashri poytaxt sudiga tayanib xabar berdi.

Gumonlanuvchilarga nisbatan ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror 10 oktyabr kuni Qirg‘iziston poytaxtining Pervomayskiy tuman sudi tomonidan qabul qilingan. Qarorga ko‘ra, Dosmambetov 9 noyabrga qadar, Avazov esa 21 noyabrga qadar hibsda saqlanadi.

Qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlanguniga qadar sobiq vazir Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

Har ikki mansabdor shaxs 9 oktyabr kuni Harbiy prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Ular o‘ta yirik miqdorda pora olish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumonlanmoqda. Xususan, Bishkek shahar sudi ma’lum qilishicha, Dosmambetovga nisbatan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 336-moddasi 1-qismi («Korrupsiya»), Avazovga nisbatan esa shu moddaning 2-qismi («Uyushgan guruh yoki jinoiy hamjamiyat manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan yoxud og‘ir zarar keltirib chiqargan korrupsiya») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qo‘lga olinganlarga nisbatan tadbirkorlardan pul talab qilish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlar ayblovi qo‘yilmoqda. Jumladan, Harbiy prokuratura videotasvirni e’lon qilgan. Unda Dosmambetov advokat ishtirokida tadbirkordan avvalroq olgan 150 ming AQSH dollarini unga qaytarayotgani aks etgan.

MXDQ raisi o‘rinbosari Avazovning lavozimidan ozod etilgani joriy yil fevral oyida ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda respublika prezidenti Sadir Japarov maxsus xizmat rahbari Qamchibek Tashiyevni lavozimidan chetlatgan va u bilan birga yuqorida tilga olingan ofitserni ham qo‘shib, uning uch nafar o‘rinbosarini vazifasidan ozod qilgan edi.

Dosmambetov 2025 yil oxirida Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlanguniga qadar MXDQning Jalolobod viloyati bo‘yicha boshqarmasiga rahbarlik qilgan. Biroq, joriy yil fevral oyi oxirida davlat rahbari uni ham egallab turgan lavozimidan ozod etgan. Bu qarorning sabablari rasman ma’lum qilinmagan. Uning iste’fosi fonida xavfsizlik xizmati xodimining yer maydoni va zavodni reyderlik yo‘li bilan egallab olishda ishtirok etgani haqidagi ma’lumotlar tarqalgandi. Mazkur voqeada o‘sha paytdagi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevning o‘g‘li Tay-Muras Tashiyev ham ishtirok etgani ma’lum bo‘lgandi.

  • Qirg‘izistonning «parda ortidagi rahbari» nima uchun ishdan bo‘shatilgani va bundan so‘ng nimalar sodir bo‘lishi mumkinligi haqida

  • Markaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi?

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor