Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari savdo va energetika sohalarida yangi loyihalarni taklif qildilar

president.tj sayti fotosurati

8 oktyabr kuni Turkmanistondagi «Avaza» milliy turistik zonasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi ishtirokchilari savdo, energetika, transport va sanoat sohalarida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdilar. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan sammitda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Rahbarlar dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar hamda hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar.

Qosim-Jomart To‘qayev hukumatlarga mintaqalararo savdo hajmini qariyb 13 milliard dollardan 20 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘shma Harakatlar rejasini ishlab chiqishni topshirishni taklif qildi. Shuningdek, u Markaziy Osiyoning suvdan foydalanish bo‘yicha Ramkaviy konvensiyasini qabul qilish va BMT homiyligida Xalqaro suv tashkilotini tuzish, Markaziy Osiyo hamkorligining sun’iy intellekt (SI) bo‘yicha dasturini tayyorlash hamda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon tomonidan SIdan mas’uliyatli foydalanish to‘g‘risida deklaratsiya ishlab chiqish tarafdori ekanini bildirdi.

Qozog‘iston prezidenti maslahat uchrashuvlari formati takomillashtirilishiga ham alohida to‘xtaldi.

«2018 yildan buyon 200 dan ortiq tashabbus ilgari surildi, biroq bu tashabbuslarning faqat oz qismi amaliyotga tatbiq etildi», — dedi To‘qayev. U tashqi siyosat idoralariga mintaqaviy tashabbuslarni inventarizatsiya qilish va ularning dolzarbligi hamda istiqbolini belgilashni taklif qildi.

Sadir Japarov sanoat kooperatsiyasiga alohida e’tibor qaratib, mamlakatlar hukumatlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish va logistika sohalarida aniq va o‘zaro manfaatli loyihalarni belgilashni taklif qildi. Bunda loyiha ishtirokchilari, moliyalashtirish manbalari va amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilishi kerak. U elektron savdoga ham alohida to‘xtalib, biznes va iste’molchilarning mintaqaviy mahsulotlarga kirish imkoniyatini kengaytirish uchun Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning yagona elektron savdo maydonchasini yaratishni taklif qildi.

Japarov, shuningdek, «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘lini qurishga alohida urg‘u berdi. Ushbu loyiha mintaqa mamlakatlarini xalqaro transport va ishlab chiqarish aloqalariga yanada keng jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Bundan tashqari, u muzliklar va tog‘ ekotizimlarini asrash muhimligini ta’kidlab, mintaqa davlatlarining bir-birini to‘ldiruvchi sayyohlik salohiyatini hisobga olgan holda «bir sayohat — bir nechta mamlakat» tamoyili asosida turizmni rivojlantirishni taklif qildi.

Emomali Rahmon mintaqa mamlakatlarining yanada yaqin iqtisodiy, transport va energetika hamkorligiga o‘tish uchun katta salohiyatga ega ekanini ta’kidladi. U qo‘shma moliyalashtirish mexanizmlari bilan ustuvor energetika loyihalari ro‘yxatini shakllantirishni, butun mintaqa ehtiyojlari uchun yirik neftni qayta ishlash zavodini qurish masalasini ko‘rib chiqishni va «yashil» iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha mintaqaviy strategiya ishlab chiqishni taklif qildi. Bundan tashqari, Rahmon multimodal yo‘nalishlarni rivojlantirish, transport tartib-taomillarini soddalashtirish va tashuvlarni raqamlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida qo‘shma ishlarni yanada yaqinroq muvofiqlashtirishga chaqirdi. U tarixiy, iqtisodiy va transport aloqalari mavjud bo‘lgan mintaqalar bilan yagona hamkorlik makonini shakllantirish g‘oyasini ilgari surdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, savdo, transport, energetika, sanoat va yangi texnologiyalarni birgalikda rivojlantirish uchun paydo bo‘layotgan imkoniyatlardan foydalanish zarur.

Mirziyoyev iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish kerakligini ta’kidladi.

«Biz bir-birimiz bilan oddiy savdo qilishning o‘zi yetarli bo‘lmay qolgan bosqichga yetib keldik. Yakuniy mahsulotni birgalikda yaratishimiz kerak. “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasi biz intilishimiz lozim bo‘lgan maqsad mohiyatini yaxshi ifodalaydi», — dedi prezident.

Mirziyoyev ilgari surgan tashabbuslar qatorida milliy data-markazlar tarmog‘i negizida Umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratish va talab yuqori bo‘lgan kasblarning Mintaqaviy atlasini ishlab chiqish ham bor.

O‘zbekiston rahbari XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani tuzish jarayoni yakunlanganining tarixiy ahamiyatini ta’kidladi hamda mintaqaga haddan tashqari murakkab tuzilmalarsiz, «moslashuvchan va tushunarli format» kerakligini ta’kidladi.

Ilhom Aliyev Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan tashkil etilgan qo‘shma investitsiya fondlari imkoniyatlaridan yanada faol foydalanishga chaqirdi. Ushbu fondlarning har biridagi kapital yuzlab million dollar bilan o‘lchanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Ozarbayjonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 50 foizdan ziyodga oshgan, mamlakatda esa Markaziy Osiyo kapitali ishtirokidagi 400 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda.

«Faqat o‘zaro savdoni oshirish bilan cheklanib qolmaslik kerak, birgalikda investitsiya kiritish, mahsulot ishlab chiqarish va tashqi bozorlarga chiqish muhim», — dedi Aliyev.

U transport va energetika sohalaridagi bog‘liqlik masalasiga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yili O‘rta yo‘lak orqali tranzit tashuvlar hajmi 10 foizdan ko‘proqqa oshgan, joriy yilning dastlabki sakkiz oyida esa yana qariyb 20 foizga o‘sgan. Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon Turkmaniston va Qozog‘iston neftini tranzit orqali tashimoqda, shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan «yashil energetika koridori»ni yaratish bo‘yicha qo‘shma ish olib bormoqda. U, alohida ta’kidlab, mintaqa mamlakatlarida tinchlik, xavfsizlik, siyosiy va iqtisodiy barqarorlik barcha yutuqlarning asosi hamda kelgusi taraqqiyot kafolati ekanini qayd etdi.

Uchrashuv yakunlarini sarhisob qilarkan, Serdar Berdimuhamedov Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari formati iqtisodiy va texnologik rivojlanishni jadallashtirish uchun zarur sharoitlarni yaratayotganini ma’lum qildi.

«Davlat rahbarlari tomonidan bildirilgan taklif, g‘oya va tashabbuslar juda aniq xususiyatga ega bo‘lib, istiqbollarimizni real baholashga asoslangan va ulkan umumiy salohiyatimizni maksimal darajada ishga solishga qaratilgan», — dedi Berdimuhamedov.

Sammit yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari Qo‘shma bayonot qabul qildi hamda ko‘p tomonlama tartibga soluvchi bir qator hujjatlar bo‘yicha qarorlarni imzoladi.

  • Qirg‘izistonning «parda ortidagi rahbari» nima uchun ishdan bo‘shatilgani va bundan so‘ng nimalar sodir bo‘lishi mumkinligi haqida

  • Markaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi?

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor