Huquq himoyachilari Markaziy Osiyoda fuqarolik jamiyatiga qarshi tazyiqlar kuchayganini ma’lum qildilar

To‘rtta huquq himoyasi tashkiloti Markaziy Osiyoning beshta davlatida fuqarolik jamiyatiga qarshi tazyiqlar kuchayganini ma’lum qildi. Bu haqda Qozog‘iston xalqaro inson huquqlari va qonuniylikni ta’minlash byurosi (QXIHQB) xabar berdi.

Bayonot Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) inson huquqlari bo‘yicha konferensiyasi uchun tayyorlangan bo‘lib, u 5 oktyabrdan 15 oktyabrga qadar Varshavada bo‘lib o‘tadi. Hujjatni QXIHQB, Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik (IPHR), Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi (AHRCA) va Turkmaniston inson huquqlari tashabbusi (TIHR) imzolagan.

Bayonotda qayd etilishicha, mintaqada fuqarolik erkinliklari «hamon jiddiy bosim ostida», so‘nggi bir yildagi voqealar esa «tashvishli mintaqaviy tendensiyalar» kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Huquq himoyachilari Markaziy Osiyo davlatlari hokimiyatlari qonuniy fuqarolik faoliyatini ko‘pincha milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rishini ta’kidlashadi. Fuqarolik jamiyatining mustaqil tashkilotlari, ayniqsa, xorijdan mablag‘ olsa, kuchaytirilgan nazorat, tamg‘alash va ta’qiblarga duch kelmoqda.

Qirg‘izistonda 2024 yili qabul qilingan «xorijiy vakillar» to‘g‘risidagi cheklovchi qonun fuqarolik jamiyati tashkilotlari orasida o‘zini o‘zi senzura qilish holatlarining kengayishiga olib keldi. 2026 yil avgust oyida prezident Sadir Japarov tashqi kuchlar ta’siri ostida harakat qilmoqda, deb ayblagan ehtimoliy «xalq dushmanlari»ni qattiq jazolashga chaqirdi.

Qozog‘istonda 2026 yil yanvaridan chet eldan mablag‘ oluvchi tashkilotlar uchun hisobot berish tartibi kuchaytirildi: ochiq reyestr kengaytirilib, unga grantlarning manbalari va miqdori ham kiritiladigan bo‘ldi. 2026 yil iyul oyida kuchga kirgan yangi Konstitutsiya notijorat tashkilotlardan olingan xorijiy mablag‘lar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishni talab etadi.

«2026 yil mart oyidan amal qilayotgan LGBTIK+ “targ‘iboti”ni taqiqlash LGBTIK+ huquqlarini himoya qiluvchi guruhlarning zaifligini yanada oshirdi. Ular bir necha bor ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilishi, jazosiz qolgan hujumlar va ta’qibning boshqa shakllariga duch kelgan», — deyiladi bayonotda.

Bayonot mualliflari O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati tashkilotlari hanuzgacha miqdori taxminan 3700 dollar ekvivalentidan oshadigan har qanday xorijiy mablag‘ni olish uchun adliya organlari bilan oldindan kelishish talabi bilan to‘qnash kelayotganini qayd etgan. Mustaqil huquq himoyasi tashkilotlariga bir necha bor ro‘yxatdan o‘tish rad etilgan.

Tojikistonda faqat 2025 yilning o‘zida 80 dan ortiq fuqarolik jamiyati tashkiloti o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Yetti tashkilot sud qarori bilan tugatilgan. 2026 yil iyul oyida prezident Emomali Rahmon bunday tashkilotlar ustidan nazoratni yanada kuchaytirishga chaqirdi.

Bayonot mualliflarining bahosiga ko‘ra, Turkmanistonda haqiqatan mustaqil tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tish va ochiq faoliyat yuritish imkoniyatidan amalda mahrum. Xorijiy huquq himoyasi guruhlari bilan hamkorlik qiluvchi shaxslar esa jiddiy ta’qiblarga uchrash xavfi ostida.

Tinch yig‘ilishlar o‘tkazish erkinligi beshala davlatda ham qattiq cheklangan holda qolmoqda. Qirg‘izistonda ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi mahalliy hokimiyat organlariga sud qarorisiz yig‘ilishlar o‘tkaziladigan joylarni cheklash bo‘yicha keng vakolatlar berishi mumkin. Qozog‘istonda esa 2025 yilgi Konstitutsiyaviy sud qaroriga qaramay, hokimiyat organlari namoyishlarga «shubhali asoslar» bilan ruxsat berishni davom ettirmoqda.

Huquq himoyachilari, shuningdek, ommaviy namoyishlarni bostirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarliklar uchun jazosizlik saqlanib qolayotganiga alohida e’tibor qaratishmoqda: Qozog‘istonda 2022 yil yanvar voqealari, Qoraqalpog‘istonda 2022 yil iyul voqealari, Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida esa 2021 yil noyabr va 2022 yil may voqealari. Ushbu voqealar bo‘yicha mustaqil tergovlar o‘tkazilmagan.

Huquq himoyachilari ta’kidlashicha, namoyishlarni bostirish jarayonida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun jazosizlik bu voqealar bo‘yicha adolat qaror topishiga erishishga uringan shaxslarni ta’qib qilish bilan birga kechmoqda. Keyingi repressiyalar jarayonida jinoiy ishlar bo‘yicha ayblanuvchiga aylangan bir qator fuqarolik faollari hanuz qamoqda qolayotgani alohida tashvish uyg‘otmoqda.

Bayonot mualliflari ta’qibning aniq holatlari sifatida Tojikistonda 16 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan huquq himoyachisi Manucher Xoliqnazarov va O‘zbekistondagi jurnalist Davlatmurod Tojimurodovning ishlarini tilga olishgan. Tojimurodovga 2026 yil may oyida yana besh yillik qamoq jazosi qo‘shilgan. Qozog‘istonda esa BMTning O‘zboshimchalik bilan ushlab turishlar bo‘yicha ishchi guruhining (WGAD) muxolifat faoli Marat Jilanbayevni ozod qilish haqidagi qarori bajarilmagan.

Huquq himoyachilari, shuningdek, repressiyalar tobora ko‘proq raqamli sohaga tarqalayotgani va milliy chegaralardan tashqariga chiqib borayotganini qayd etishadi. Mintaqa davlatlari hukumatlari tanqidchilarni xorijda ham sukut saqlashga majburlashga intilib, buning uchun kuzatuv, qarindoshlarga bosim o‘tkazish, siyosiy sabablarga ko‘ra qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar va ekstraditsiya to‘g‘risidagi so‘rovlardan foydalanmoqda.

IPHR, QXIHQTB, AHRCA va TIHR Markaziy Osiyoning beshta davlati hukumatlarini qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga muvofiqlashtirishga chaqiradi. Shuningdek, ular YEXHTga a’zo davlatlarga fuqarolik makonini himoya qilishni Markaziy Osiyo bilan siyosiy muloqotning doimiy ustuvor yo‘nalishiga aylantirish va hamkorlikni kengaytirish fundamental erkinliklar hisobiga amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik chaqiruvi bilan murojaat qiladi.