Tojikiston chegara nazorati uchun AQSHdan oltita uchuvchisiz aviatsiya tizimini oldi

AQSHning Tojikistondagi elchixonasi matbuot xizmati fotosurati

Amerika Qo‘shma Shtatlari Tojikiston Milliy gvardiyasiga respublika chegaralari xavfsizligini ta’minlash maqsadida umumiy qiymati 2,3 million dollar bo‘lgan oltita uchuvchisiz aviatsiya tizimini (UAT) topshirdi. Bu haqda AQSHning Dushanbe shahridagi elchixonasi xabar berdi.

2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan UATlarni topshirish marosimida AQSHning Tojikistondagi muvaqqat ishlar vakili Joel Ortes hamda Milliy gvardiya qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Bahriddin Azamatzoda ishtirok etdi.

Uchuvchisiz aviatsiya tizimi — nafaqat uchuvchisiz uchish apparati (dron), balki yerdagi boshqaruv stansiyasi, aloqa kanallari, uchirish va qo‘ndirish uskunalari, shuningdek, dasturiy ta’minotni ham o‘z ichiga olgan majmua hisoblanadi.

Elchixona ma’lum qilishicha, uchuvchisiz tizimlar Tojikiston Milliy gvardiyasiga terrorizmga qarshi operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uzluksiz monitoring olib borish imkonini beradi.

«Ushbu uskunalar oddiy resurslar topshirilishidan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi. Ular ko‘p yillar davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni tavsiflab kelgan ishonch, hamkorlik va umumiy maqsadlarni aks ettiradi», — dedi marosimda Ortes.

Xabarda, shuningdek, Amerika biznes hamjamiyati Tojikistonga UATlardan foydalanish va ularning samaradorligini oshirishda yordam berish uchun mahsulot va xizmatlar taqdim etishga tayyor ekani qayd etilgan.

Diplomatik missiya ma’lumotlariga ko‘ra, 1992 yildan buyon AQSH Tojikistonga xavfsizlik sohasida 600 million dollardan ortiq yordam ko‘rsatgan. Ikki davlatning ushbu sohadagi hamkorligi harbiy xizmatchilarni tayyorlash, uskunalar yetkazib berish va infratuzilmaviy loyihalarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, avvalroq Amerika tomoni Tojikiston chegara qo‘shinlari va Mudofaa vazirligiga harbiy avtomobillar, yadroviy va radioaktiv materiallarning noqonuniy aylanmasini aniqlash uchun maxsus uskunalar o‘rnatilgan mashinalar, shuningdek, bronejiletlar, tog‘li hududlarda operatsiyalar o‘tkazish uchun jihozlar va boshqa vositalarni topshirgan. AQSH, shuningdek, kuch tuzilmalari uchun obyektlar qurilishini moliyalashtirgan, Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida o‘ndan ortiq chegara postini qurgan yoki ta’mirlagan.