Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Afg‘onistonni boshqarayotgan «Tolibon» harakati faoliyatiga ijobiy baho berdi. Bu haqda Moskva formatida Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlar yig‘ilishi ochilishida ishtirok etgan RBK muxbiri xabar berdi.
«Hokimiyat tepasiga kelgan va “Tolibon” harakati boshchiligidagi milliy hukumat mamlakat hududini nazorat ostiga oldi va tan olish kerakki, uni yetarlicha muvaffaqiyatli boshqarmoqda», — dedi Lavrov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar Afg‘oniston hududida terrorchi guruhlarga qarshi murosasiz kurash olib bormoqda.
«Yuzlab jangarilar yo‘q qilindi, bir qator shov-shuvli terrorchilik aktlarining, jumladan, xorij fuqarolari va diplomatik vakolatxonalarga qarshi hujumlarning oldi olindi», — deya Lavrovning so‘zlarini keltiradi TASS.
Rossiya TIV rahbari Qobulning terrorizmga qarshi kurash imkoniyatlarini kuchaytirish umumiy manfaatlarga javob berishini ta’kidlab, moddiy-texnik va ekspert yordami, shuningdek, maxsus xizmatlar hamda kuch ishlatar tuzilmalar o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi.
Lavrovning fikricha, G‘arb davlatlarining sanksiyalari Afg‘oniston iqtisodiyoti rivojiga to‘sqinlik qila olmagan.
«Afg‘oniston iqtisodiyoti G‘arb davlatlarining qattiq sanksiya bosimiga qaramay rivojlanishda davom etmoqda. Ular inson huquqlarini himoya qilish bahonasida islom amirligini xalqaro moliya tizimidan uzib qo‘ydi, milliy bank aktivlarini o‘zlashtirib oldi», — dedi vazir.
U «Afg‘oniston hukumati mintaqaviy energetika loyihalariga, jumladan, TAPH magistral gaz quvuriga (Turkmaniston — Afg‘oniston — Pokiston — Hindiston) sodiqligini tasdiqlagani, soliq islohotini amalga oshirgani, korrupsiyaga qarshi qonunchilikni kuchaytirgani va sanoatni jonlantirgani»ga e’tibor qaratdi.
Lavrov rasmiy ma’lumotlarni keltirib, Afg‘onistonda qariyb 170 ta yangi ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatda «elektroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha besh yillik reja ishlab chiqilgan», Afg‘oniston 100 dan ortiq davlat bilan amalga oshiradigan tashqi savdo hajmi esa o‘tgan yili 14 milliard dollarga yetgan.
Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi maslahatlashuvlarning sakkizinchi yig‘ilishi 5 oktyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar Afg‘oniston va uning atrofidagi vaziyatni, jumladan, Qobul va Islomobod o‘rtasidagi mojaroni muhokama qilish uchun yig‘ildi. Tadbirda Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonning maxsus vakillari hamda yuqori lavozimli amaldorlari ishtirok etdi. Belarus va Misr delegatsiyalari mehmon sifatida taklif qilindi.
Rossiya «Tolibon» bilan aloqalarni harakat hokimiyatga qaytishidan ancha oldin yo‘lga qo‘ya boshlagan. Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi maslahatlashuvlar 2016 yilda ishga tushirilgan. Keyinchalik unga toliblar ham qo‘shilgan. Ular 2021 yil avgustda hokimiyatga kelganidan so‘ng ham hamkorlik davom etgan, garchi Rossiya uzoq vaqt davomida ular shakllantirgan hukumatni rasman tan olmagan bo‘lsa-da.
2024 yili Rossiya prezidenti Vladimir Putin Afg‘onistonning amaldagi hukumati bilan «qandaydir tarzda munosabatlarni yo‘lga qo‘yish kerak», deb aytdi, chunki aynan ular mamlakat hududini nazorat qiladi. 2025 yil aprel oyida Oliy sud Bosh prokuratura da’vosini qanoatlantirib, harakatni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqardi. Shu yil iyul oyida Rossiya Afg‘oniston Islom Amirligini rasman tan oldi va hozirgacha bunday rasmiy diplomatik qadamni qo‘ygan yagona davlat bo‘lib qolmoqda.
Afg‘oniston hokimiyatining xalqaro miqyosda tan olinishiga asosiy to‘siqlardan biri inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘lib qolmoqda. Mamlakatda ayollar va qizlar uchun cheklovlar saqlanib qolgan. Ularga oltinchi sinfdan keyin ta’lim olish hanuz taqiqlangan, ishlash, erkin harakatlanish va sudlarga murojaat qilish imkoniyatlari cheklangan. YUNЕSKO ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rta ta’lim taqiqi taxminan 2,2 million nafar qizga taalluqlidir.
BMT ham o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar, ommaviy axborot vositalariga bosim o‘tkazilishi va so‘z erkinligi cheklanayotgani haqida xabar bergan. Tashkilot ta’kidlashicha, yangi Jinoyat qodeksi jazolanadigan qilmishlar ro‘yxatini kengaytiradi va tan jazolarini qo‘llashga yo‘l qo‘yadi. «Korrupsiyani tarqatish», «aqidaparastlik» va «kufr» uchun esa hatto o‘lim jazosigacha bo‘lgan jazolar belgilanishi mumkin.



