Kiyev Qozog‘istonni qo‘lga olingan ukrainalik Lyubov Rojanskayani Rossiyaga bermaslikka chaqirdi

Lyubov Rojanskaya. bureau.kz sayti fotosurati

Qozog‘istondagi Ukraina elchixonasi 1 oktyabr kuni Ostona aeroportida qo‘lga olingan ukrainalik Lyubov Rojanskayani Rossiyaga berishga qarshi chiqdi, deb xabar beradi Ulysmedia.kz.

Ukraina elchisi Viktor Mayko voqeani Rossiya maxsus xizmatlarining provokatsiyasi deb atadi va ukrainalik diplomatlar ayolni ozod qilish masalasini Qozog‘iston tomoni bilan muhokama qilayotganini ma’lum qildi.

Lyubov Rojanskaya Qozog‘istonga voyaga yetmagan nabirasi — nevarasini olib ketish va uni otasiga topshirish uchun kelgan. Viktor Mayko ta’kidlashicha, ayol o‘g‘lining topshirig‘iga ko‘ra harakat qilgan, Ukraina Oliy sudi esa avvalroq bolaning yashash joyini otasi bilan belgilagan.

«Bugun biz nabirasi huquqlarini qonuniy himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rayotgan ayolga qarshi Rossiya maxsus xizmatlarining ochiq-oydin provokatsiyasi bilan yuzma-yuz kelmoqdamiz. Ta’kidlayman: Lyubov Fyodorovna bolaning otasi bo‘lmish o‘g‘li tomonidan rasman vakolatga ega holda qonuniy doirada harakat qilmoqda», — deydi diplomat.

Viktor Mayko Rossiyaning Ukraina fuqarosini ekstraditsiya qilish talabini asossiz deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyada ayolning «sog‘lig‘i va hayotiga haqiqiy tahdid mavjud, u yerdan Ukrainaga qaytish imkoniyati ham bo‘lmasligi mumkin».

«Moskva bunday provokatsiya orqali Ukraina va Qozog‘iston o‘rtasidagi ishonchga putur yetkazishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilolmayman. Qozog‘istonda an’anaviy ravishda bolalar huquqlarini himoya qilish masalasiga juda katta e’tibor qaratiladi», — deya qo‘shimcha qiladi diplomat.

Advokat Aleksey Pryanishnikovning so‘zlariga ko‘ra, Lyubov Rojanskaya 1 oktyabr kuni Istanbuldan Ostonaga 8 yoshli nevarasini olib ketish uchun uchib kelgan. Himoya tomonining ta’kidlashicha, bola unga Rossiyadagi qarindoshlari tomonidan topshirilishi kerak bo‘lgan. Advokat The Insider nashriga bergan intervyusida bola Rossiya tomonidan olib chiqib ketilgan ukrainalik bolalar ro‘yxatida qayd etilganini aytgan.

Bu voqea 2021 yilda boshlangan. O‘shanda bolaning onasi Alla Andreyeva o‘g‘li va rossiyalik eri bilan Odessa shahrini tark etib, Kaliningrad viloyatiga ko‘chib o‘tgan. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan so‘ng ona va bola Rossiya fuqaroligini olgan. Rossiyalik oila va Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchisi bo‘lgan bolaning otasi o‘rtasida bola bilan muloqot qilish tartibi bo‘yicha sud bahslari davom etgan.

2023 yilda bolani Ukrainaga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Pryanishnikovning aytishicha, ikki nafar Ukraina fuqarosi bolani olib ketish uchun Kaliningrad viloyatiga borgan, ammo ular qo‘lga olingan va keyinchalik bolani o‘g‘irlashga urinish hamda josuslikda ayblanib, 15 va 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Rossiya sudi Rojanskayani ham taxmin qilingan o‘g‘irlashni tashkil qilgan shaxs sifatida sirtdan aybdor deb topgan.

2026 yil yozida bolani topshirish bo‘yicha muzokaralar qayta boshlangan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadagi qarindoshlar bolani Ukraina Oliy sudining 2025 yildagi qaroriga muvofiq otasiga topshirishni va kelishuvni Qozog‘istonda rasmiylashtirishni taklif qilgan.

Pryanishnikovning fikricha, muzokaralar Rojanskayani qo‘lga olish uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, Rossiya tomoni uchrashuv aynan Qozog‘istonda o‘tkazilishini talab qilgan, uning kelish sanasini kelishish esa Kaliningraddagi sudning ayolni sirtdan hibsga olish haqidagi qarori bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan. Shundan so‘ng uni qidiruvga berish haqidagi hujjatlar Qozog‘istonga KXSHT orqali yuborilgan.

Material e’lon qilingan paytda Rossiya va Qozog‘iston rasmiylaridan ish bo‘yicha rasmiy izohlar kelib tushmagan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Rossiyaga ekstraditsiya qilish bilan bog‘liq bir nechta shov-shuvli ishlar markazida qoldi. Yaqinda o‘nlab mamlakatlardan 150 dan ortiq huquq himoyachilari va faollar Ostonadan chechenistonlik faol Mansur Movlayev va Aleksey Navalniy shtabi sobiq xodimi Yuliya Yemelyanovalarni Moskvaga bermaslikni so‘radi.

Movlayev 2025 yil may oyidan beri Olmaotada ekstraditsiya maqsadida hibsda saqlanmoqda. Sentyabr oyida u SIZOda ikki marta o‘z joniga qasd qilishga uringan. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Qozog‘istonni Movlayevning shikoyati ko‘rib chiqilguniga qadar uni Rossiyaga bermaslikka chaqirdi.